Markaziy Osiyolik muhojirlar radikallashuviga sabab nima?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Sankt-Peterburg metrosidagi portlashdan so'ng

Aprel oyi ilk haftasi yangiliklariga qaralsa, Markaziy Osiyo Islomiy terrorizm "o'chog'i" degan tasavvur kelib chiqishi mumkin e

Sankt-Peterburgda qirg'izistonlik metroda hujum uyushtirib, 14 kishini halok etdi. Bir necha kundan so'ng, o'zbekistonlik Stokgolmda yuk mashinasini savdo markaziga borib urdi, 4 kishini o'ldirdi.

Turli ma'lumotlarga ko'ra, oxirgi 5 yil mobaynida Suriya va Iroqqa safar qilib ISHID safiga qo'shilgan Markaziy osiyoliklar soni taxminan 2 mingdan 4 ming nafarga qadar...

Markaziy Osiyoliklar 2015 va 2016 yilgi Istanbuldagi hujumlarga ham aloqador edilar. Lekin oxirgi hodisalar ularning radikallashuvi muammosiga yanada ko'proq e'tiborni tortdi.

Tahlilchilar muammoning "ildizi" sifatida mintaqada noana'anaviy radikal Islomning bosh ko'targani, qashshoqlik va demokratiya yo'qligiga ishora etadilar.

Ammo mintaqadagi aynan ana shu - diniy, iqtisodiy va siyosiy omillar terrorizmning xorijga "eksport" qilinayotgani sabab ekaniga dalil-isbot yo'q.

Birinchidan, Markaziy Osiyoning o'zida "terrorizm" juda kam. 2001-2015 yillar jahon bo'ylab qayd etilgan 85 ming terrorizm holatlaridan atigi 62 tasi Markaziy Osiyoda ro'y bergan.

Mintaqada boshqa musulmon davlatlarida bo'lgani kabi yaxshi tashkillashtirilgan islomiy ekstremist tashkilotlar yo'q.

AQSH tomonidan "terrorchi" deya tan olingan 61 tashkilotdan atigi 2 tasi - "O'zbekiston Islolmiy Harakati" va "Islomiy Jihod Uyushmasi"ning Markaziy Osiyo bilan aloqasi bor.

Ikkinchidan, mintaqadagi "aqidaparast" sanalgan musulmonlar, siyosiy tazyiqqa uchraganlar va kambag'allarning juda kam qismi zo'ravonlikka qo'l uradi.

Alohida holatlarni esa umumiy yo'nalish sifatida taqdim qilib bo'lmaydi.

Bundan tashqari, terrorchilikning ushbu "ildizlari" ham savol ostida.

Aytib o'tilganidek, islomchi tashkilotlarning mintaqada ta'siri katta emas.

Markaziy Osiyolik "terrorchilar"ning juda kam sonlisi ashaddiy dindor bo'lishgan.

Masalan, 2012 yili tojikistonlik Ahtam Olimovning ISHID saflaridagi videosi chiqqanida oila a'zolari hayratga tushishgandi.

Qo'shnilar va uning onasi farzandi Rossiyaga ketguniga qadar hech taqvodor bo'lmaganligini aytgan.

ISHID saflariga qo'shilgan tojikistonlik Bobojon Qurbonovning ham yaqinlari qanday qilib jihodga qo'shilib qolganligini tushunmasliklari haqida gapirishgan.

Bir narsa ayonki, ISHID saflariga targ'ib qilingan Markaziy Osiyoliklarning juda kam qismi mintaqaninng o'zida radikallashgan.

Ham Sankt-Peterburg va ham Stokgolmda hujum sodir etganlar vatanlarini anchayin avvval tark etishgan. Ketishdan oldin ular radikallashgani haqida dalillar mavjud emas.

Demak, mintaqadagi radikalizmni mahalliy omillar ochiqlamayotgan bo'lsa, xorijda ularning jihodiy tashkilotlarga qo'shilishlariga nima sabab bo'lmoqda?

Bu savolga javob topish mushkul. Har bir jihodchining o'z "tarixi" bor. Hammani ekstremistik guruhga qo'shilishga undagan bir umumiy omilni keltirish imkonsiz.

Muhojirlarning aksari yakkalanish, oiladan ajralish va shaxsiy ruhiy mushkulliklarga yuz tutadilar. Bu o'z navbatida ularni terrorchi-targ'ibotchilar uchun "oson nishonga" aylantiradi.

Ularning aksari terrorchi guruhga majburlab kiritilmagan. Ko'p hollarda o'zlari sarguzasht ilinjida yoki "birodarlik" bildirish niyatida bo'lganlari aytiladi.

Ammo ikki omil ko'proq ko'zga tashlanadi.

Birinchidan, Maraziy Osiyodan muhojirlikning miqyosi, demografiyasi va boshlaridan kechayotgan hodisalar tan olinishi, e'tibor qaratilishi kerak.

Islomiy targ'ibotchilar xorijda ishlayotganlarni nishonga olmoqdalar.

5 milliondan 7 millionga qadar markaziy osiyolik Rossiyada yashab ishlayapti. Ular aksar hollarda oiladan uzoq, kunda iqtisodiy mushkulliklarga yuz tutishadi. Irqchilar va davlat xizmatchilarining tahdid va tahqirlashlariga duch keladilar.

Mehnat muhojirligi ba'zilar uchun yangi imkonlarni yaratmoqda, lekin hamma uchun emas.

Ular muhojirlikka yo'l olgan aksar davlatlar dunyoviy va ularning musulmon ekanliklari mezbon davlatda xavfsizlikka tahdid sifatida talqin qilinadi.

Biroq millionlab muhojirlardan sanoqlisigina jihodiy g'oyalarga beriladilar. ISHID tomonidan yollangan tojikistonliklarning 80 foizi Rossiyada bo'lgan vaqtlari bu yo'lga kirishgan.

Bundan tashqari, yollanganlarning ko'plari, ya'ni deyarli yarmi o'qimishli insonlar bo'lishgan.

Ikkinchi omil, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan olib borilayotgan xavfsizlikni ta'minlash siyosati muammoning yechimidan ko'ra, uni keltirib chiqaruvchi omili bo'lishi mumkin.

"Chegarasiz diktatorlar" deya nomlangan kitobda aytilishicha, Markaziy Osiyo hukumatlarining Rossiya, Yevropa va boshqa yerlarda o'z siyosiy yo-da, diniy, tinch yoki zo'ravon raqiblarini tazyiq ostiga olish taktikasi xalqaro xavfsizlikni ta'minlashdan ko'ra, rejimni saqlab qolish maqsadiga ega.

Shuning uchun xorijda terrorizmning oldini olish vazifasini o'z oldiga qo'ymaydi.

Markaziy Osiyolik siyosiy muhojirlar ustidan tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, O'zbekiston va Tojikiston kabi davlatlar ularga qarshi harakatlarida tobora shafqatsiz va faolroq bo'lib borishmoqda.

Bu esa o'z navbatida ularni aynan qarshi kurashish maqsadida zo'ravon ektremist tashkilotlar saflariga itarmoqda.

Bu davlatlar qo'llayotgan taktika ISHIDga qarshi kurashda ne qadar samara berayotganini aytish qiyin, lekin taxmin qilish mumkinki, bu taktika ISHID saflariga "yollash" taktikasi sifatida ish bermoqda.

Yosh yigitlarning o'z o'rinlaridan ko'chishlari va yakkalanib qolishlari kabi ikki omil Markaziy osiyoliklar nima uchun terrorchilikka qo'l urayotganlarini tushuntirishga yordam berishi mumkindir.

Ammo bu jarayon haqida biz hanuz juda kam ma'lumotga ega ekanligimiz va hanuz kam uchraydigan holat bo'lib qolayotganini tan olishimiz kerak.

Sankt-Peterburg va Stokgolmdagi terrorchilar Qirg'iziston yoki O'zbekistonni tark etayotgan vaqtlari terrorchi emasdilar.

Shuning uchun ularning radikallashish ildizlarini faqat Markaziy Osiyodan emas, o'tish jarayonida yuz tutgan holatlaridan izlash muhimroqdir.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02