Boks: O'zbekiston Osiyoda rekord o'rnatdi

Ҳасанбой Дўсматоқ Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Bu yilgi Osiyo chempionatidagi ishtiroki bilan boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi o'ziga xos rekord o'rnatdi.

Poytaxt Toshkent mezbonlik qilgan qit'a birinchiligida finalga chiqqan to'qqiz nafar bokschisining barchasi g'alaba qozondi.

Osiyo miqyosida umumjamoa hisobida eng yaxshi natija qayd etib, barchasi oltin bo'lgan 9 ta medali bilan medallar jadvali peshqadami bo'ldi.

Hasanboy Do'smatov chempionatning "Eng yaxshi bokschisi", deb topildi.

O'zbekistonni bu yilgi qit'a birinchiligida ja'mi 10 nafar bokschisi namoyon etgan bo'lsa, ulardan to'qqiztasi finalga chiqqan.

Ammo ulardan barchasi bu yil Germaniya mezbonlik qilajak boks bo'yicha jahon chempionatiga ham yo'llanmani o'zlariga naqd qilishgan.

O'zbekistonlik bokschilarning bu kabi natijalariga baho berarkan, Germaniyadan professional boks "qiroli" Artur Grigoryan "bunisi ham voy-bo'", deydigan yutuq deydi.

"Aql bovar qilmas yutuq, haqiqatan ham bir mo''jiza. Na-da sobiq Sho'rolar Ittifoqi va na-da Kuba terma jamoasi to'liq tarkibda buncha oltin medallarni qo'lga kirita olmagan. Ularning bunga qanday qilib muvaffaq bo'lishganiga o'zimning ham aqlim shoshib qoldi. Xuddi shu bois ham, mamlakatimiz, respublikamiz, bokschilarimiz va bu kabi muvaffaqiyatimiz uchun juda xursandman. Ularga har doim g'alaba yor bo'lishini tilab qolaman. Men hech qachon O'zbekistonni unutmayman. Hozir ham O'zbekiston fuqarosiman. O'zbekiston - mening vatanim. Mamlakatim va xalqim uchun quvonchimning cheki yo'q. Bir og'iz so'z bilan aytganda, barchani bu kabi yutuq bilan tabriklab qolaman", - deydi asli o'zbekistonlik o'z davrining eng nomdor bokschilaridan biri va hozirda murabbiy bo'lmish suhbatdoshimiz.

Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining bundan avval Osiyo qit'asida o'zi uchun qayd etgan rekord natijasi 1999 yilga to'g'ri keladi.

O'shanda ham poytaxt Toshkent mezbonlik qilgan birinchilikda o'zbekistonlik bokschilar 7 ta oltin medali qo'lga kiritishgan.

Hisoblaridagi 2 ta bronzasi doxil 9 ta medallari bilan medallar jadvalida Qozog'iston barobarida qolgan barcha ishtirokchi davlatlarni ortda qoldirib ketishgandi.

Xuddi o'sha yili Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan Muhammadqodir Abdullaev o'zbekistonlik qo'lqopdoshlarining bugun Toshkentda qayd etgan tarixiy natijalariga baho berarkan, "O'zbek nimaga qodirligini ko'rsatishdi", deydi.

Osiyo qit'asida esa, o'zbekistonlik bokschilar o'zlarining so'nggi yutuqlari bilan 1965 (Seul) va 1987 (Quvayt) yilda Janubiy Koreya tomonidan o'rnatilgan o'ziga xos rekordni yangilashdi.

Ular Osiyo chempionatining 9 ta oltin medalini qo'lga kiritishdi.

Bu - janubiy koreyaliklar har ikki gal ham qo'lga kiritganidan bittaga ko'p, deganidir.

Riodagi rekord

O'zbekistonlik bokschilar so'nggi Rio Yozgi Olimpiadasida ham o'ziga xos rekord o'rnatishgan.

Umumjamoa hisobida qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha Kuba doxil qolgan barcha ishtirokchi davlatlarni ortda qoldirib, medallar jadvalida birinchi o'rinni egallashgan.

O'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida kuzatilmagan bir darajada O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng ko'p medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qo'lga kiritgan.

O'zbekistonlik bokschilar O'yinlarni 3 ta oltin, ikkitadan kumush va bronza medallari bilan yakunlagandi.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobiga ilk oltin medalni ham bokschisi Hasanboy Do'smatov keltirgan.

Aynan Rio Olimpiadasida Hasanboy Do'smatov O'zbekiston tarixida texnik jihatdan eng kuchli bokschi, deb topilgan o'zbekistonlik birinchi charm qo'lqop ustasi bo'lgan.

Xuddi shu O'yinlarda ko'rsatgan mahorati uchun Rio Olimpiadasi ortidan AIBA tomonidan jahonda "Yilning eng kuchli erkak bokschisi", deb ham topilgan.

Bu ham bokschilari uchun O'zbekiston tarixida kuzatilmagan bir yutuq bo'lgandi.

Aynan bokschilarining muvaffaqiyati sabab, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida O'zbekiston hisobidagi ja'mi 13 ta medali bilan 206 ishtirokchi davlat orasidan medallar jadvalida 21-o'rinni egallagan.

O'zbekiston O'yinlarda 100 dan ortiq sportchisi bilan ishtirok etgan Qozog'istonni ham bir o'ringa ortda qoldirib ketgan.

Osiyoda Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to'rtinchi o'rinni egallagan.

Bunaqasi ham mustaqil O'zbekiston tarixida kuzatilmagan bir natija bo'lgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02