Qoʻqonlik 8 yashar Abdulahad nega xafa?

Masjidlarda bolalarga joy yoʻqmi? Фото муаллифлик ҳуқуқи Internet/facebook
Image caption Masjidlarda bolalarga joy yoʻqmi?

Dushanba kuni Qoʻqonda Hayit namoziga qoʻyilmagan bolakayning surati ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda.

BBCga maʼlum boʻlishicha, surat 26 iyun kuni Qoʻqon shahridagi Sayhon mahallasida olingan.

8 yoshli Abdulahad Hayit namozini xursandchilik bilan boshlamoqchi edi.

Ammo mahalla ahlining aytishicha, masjidga qoʻyilmaganidan oʻksib, ortga qaytgan.

Vaziyatga kattalarning aralashuvi ham foyda bermagan.

Aksariyat oʻzbekistonliklar joylarda yosh bolalarning Hayit namoziga qoʻyilmaganidan gʻazabga kelishgan.

Ammo ayni paytda yosh bolasi bilan birga Hayit namozini muammosiz ado etganini aytayotganlar ham bor.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Facebook
Image caption 8 yoshli Abdulahad Hayit namozini xursandchilik bilan boshlamoqchi edi

Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita mulozimi BBC bilan suhbatda yosh bolalarni masjidga qoʻymaslpk haqida rasmiy koʻrsatma borligini tasdiqladi.

Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasiga bu borada "xizmat doirasida foydalanish uchun" koʻrsatma bergan va koʻrsatma ijrosi Ichki ishlar vazirligiga topshirilgan.

Unda bolalarning yoshi aniq koʻrsatilmagan, balki "voyaga yetmagan bolalar" deb aytilgan.

Din ishlari mulozimining soʻzlariga koʻra, bu oʻtgan yillardan qolgan yoʻriqnoma emas, balki har yili yangilanib turadi.

Bu yil birinchi marta Hayit ish kuni koʻchirilmagan holda, dam olish kuni deb eʼlon qilingan.

Shuningdek, jamoat yemakxonalaridagi iftorliklarga ham cheklov olib tashlangan va davlat rahbari nomidan birinchi marta rasmiy iftorlik berilgan.

Hukumat Umra va Haj ziyoratlari kvotasini ham oshirgan.

Musulmonlar yanada koʻproq erkinlik, jumladan, masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar va jamoat joylarida roʻmol va hijob oʻrashga ruxsat berilishiga umid qilishmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02