Islom Karimov O‘zbekistonni qarama-qarshiliklardan asrash uchun hushyorlikka chaqirdi

Islom Karimov
Image caption Prezident Karimov O‘zbekistondagi osoyishtalikni "ko‘z qorachig‘idek asrash"ga chaqiradi

Prezident Islom Karimov "bugungi tahlikali zamon"da O‘zbekistonni qarama-qarshiliklardan asrash uchun hushyorlikka chaqirgan.

"Mamlakatimizda, yaqin yon-atrofimizda yangi qarama-qarshilik va tajovuz o‘chog‘larini alanga oldirishga harakat qiladigan har qanday kuchlardan doim sezgir, ogoh va hushyor bo‘lib, bunday urinishlarni oldini olish va bartaraf etishga doim tayyor turishni bugungi notinch va tahlikali zamonning o‘zi taqozo etmoqda", deb aytgan janob Karimov.

O‘zbekiston rahbari bu haqda Toshkentda mamlakat mustaqilligiga 19 yil to‘lishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda gapirgan.

"Ishonchim komil, ko‘pni ko‘rgan, boshidan ko‘p-ko‘p sinovlarni o‘tkazgan xalqimiz chuqur anglaydiki, bunday yuksak vazifalar va oliyjanob orzu-niyatlarimizni amalga oshirish uchun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, osuda hayotimizni ko‘z qorachig‘idek asrashni, jamiyatimizdagi millatlar va dinlararo totuvlik va bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashimiz darkor", degan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov.

'O‘zbekistonda maoshlar 500 dollar bo‘ladi'

Joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda o‘rtacha maosh miqdori 500 dollarni tashkil etadi. Bu haqda mamlakat rahbari o‘zining Mustaqillik bayrami kuni munosabati bilan irod qilgan nutqida aytgan.

"1990 yilga nisbatan yalpi ichki mahsulotimizning o‘sishi taxminan 3,5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 2,5 barobar oshgani, o‘rtacha oylik ish haqi esa shu yilning oxirigacha qariyb 500 AQSh dollarini tashkil qilib, taxminan 14 karraga ko‘payadi", deb aytgan Islom Karimov.

Bi-bi-si bilan suhbatda gapirgan o‘zbekistonliklardan biriga ko‘ra, oyliklar oshishi haqidagi xabar ko‘pda xursandchilik bilan emas, xavotir bilan kutib olinadi.

"Sababi, oyliklar oshishidan bir oy oldin juda ko‘pgina iste‘mol mollari narxi va boshqa mahsulotlarning narxi anchaga oshdi, shuning uchun ham maoshning oshishi farovonlik emas, balki qiyinchilik tug‘diradi, deb o‘ylayman. Ya‘ni, oylik 17-18 foiz ko‘tarilsa, boshqa mahsulotlar bir necha foiz ko‘proq oshib boradi. Shuning uchun, "oylik oshdi", deganda juda ko‘pchilikning kayfiyati tushib ketadi", deydi u.

Karimov janoblari O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar jiddiy yutuqlar qo‘lga kiritilgani haqida gapirgan. Va shu bois global iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonga ta‘sir qilmagan.

Suhbatdoshning aytishicha, global iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonga ta‘sir qilmadi deyish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston kun kechirish darajasining tushib borayotgani, ishsizlik kuzatilmoqda va maoshlarning yetarli emasligi mehnat muhojirlari sonining o‘sishiga olib kelmoqda.

"Hozir ko‘plarning ko‘nglida chetga chiqib ishlash, chetda o‘qish va imkoni bo‘lsa, o‘sha yerlarda qolib ketish. Hatto, 15-16 yashar o‘smirlar ham ham shu haqda o‘ylaydi. Hozir tashqarida "Arzimagan pulga o‘zingni qullikka berma" qabilida ijtimoiy reklamalar yopishtirilgan. Ammo, bunga ko‘plar e‘tibor berayotgani yo‘q. Bu shu qadar ommaviy tus olganki, uzoqqa borolmaganlar Rossiyaga, Qozog‘istonga chiqib ishlab kelishyapti", deydi o‘zbekistonlik suhbatdosh.