Jalolobodlik faol Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga hukm etildi

Image caption Asqarov etnik zo‘ravonliklardan avval ham militsiya va hakamlarning noqonuniy amallarini yoritib kelgan

Qirg‘iziston janubidagi etnik zo‘ravonliklarni yoritishga uringan jalolobodlik o‘zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Jalolobod viloyatining Nooken tumani Masы qishlog‘ida 15 sentyabrь kuni o‘tgan mahkamada hakam uni bir umrga qamash va mol-mulkini musodara qilishga qaror qilgan.

Bir hafta avval davlat qoralovchisi janob Asqarovga bir umrlik qamoq jazosini tayinlash va mulkini musodara qilishni so‘ragandi.

Azimjon Asqarov shu yil 16 iyunida ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda gumon qilinib, Bozorqo‘rg‘on IIBsiga olib ketilgandi.

17 iyunda esa unga qarshi ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, hamda hukumat rasmiylariga bo‘ysunmaslikka chaqirish va zo‘ravonlik qo‘llash orqali millatlararo adovatni keltirib chiqarish kabi ilk ayblovlar qo‘yilgandi.

Janob Asqarov o‘zining odam o‘ldirgan kishilar orasida bo‘lmagani, va Qirg‘iziston janubidagi tartibsizliklar chog‘ida hech qanday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmaganini aytib, ayblovlarni rad etgandi.

Shu kunlarda bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Amnesti va Xyuman Rayts Votch, hamda AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi Azimjon Asqarovga qarshi odilona mahkama o‘tkazilishi so‘rab qirg‘iz hukumatiga murojaat qilishgan.

Tergov va mahkama ishini kuzatgan faollarga binoan, Azimjon Asqarovga himoyachisi bilan ko‘rishish uchun imkoniyatlar berilmagan, qoralovchilar ayblovlarni dalillar bilan isbotlab bera olishmagan, va u bir necha bor qiynoqqa tutilgan va do‘pposlangan.

Uning himoyachisi etnik zo‘ravonliklarda o‘ldirilgan qirg‘iz militsionerining oilasi tomonidan bosim ostiga olingan.

Mahalliy inson huquqlari faollari va janob Asqarovning do‘stlariga ko‘ra, unga berilgan jazo qirg‘iz huquq-tartibot organlarining qasddan qilayotgan amalidir.

Azimjon Asqarov 10 iyunda boshlangan qirg‘iz janubidagi zo‘ravonliklarni, hamda o‘zbek mahallalariga uyushtirilgan bosqinchilik harakatlarini video, audio va fotosuratlar bilan hujjatlashtirgan.

Uning ba‘zi video materiallari internetda chop qilingan, ammo aksar materiallari tergov tomonidan tortib olingan.