Qo‘shiqchining o‘limini tergov qilgan huquq faoli mahkama tomonidan "aybdor" deb topildi

Toshkentda uch yil avval fojeali sharoitlarda halok bo‘lgani da‘vo qilingan qo‘shiqchi Dilnura Qodirjonova farzandlarining enagasi tomonidan inson huquqlari faoli Surat Ikromov va qo‘shiqchining onasiga qarshi berilgan ariza bo‘yicha mahkama ishi nihoyasiga yetgan.

Toshkent shahar Uchtepa tumanining fuqarolik ishlar bo‘yicha mahkamasi Surat Ikromovni qisman aybdor deb topgan va arzchiga 100 ming so‘m jarima to‘lashini buyurgan. Ammo, janob Ikromov Bi-bi-si bilan suhbatda hakam uni ayni nimada aybdor deb topganini bilmasligini aytadi.

Hakam Surat Ikromovga ikki yil avval Dilnura Qodirjonovaning o‘limi haqida elektron pochta orqali tarqatgan maqolasini rad qilishni buyurgan.

Maqolada Surat Ikromov qo‘shiqchining "sirli" o‘limiga uning Yakkasaroy IIBsining rahbari Jamshid Matlyubov bilan norasmiy yashab yurgani sabab bo‘lganiga ishora qilgandi.

Janob Matlyubov O‘zbekiston Ichki Ishlar Vaziri Bahodir Matlyubovning ukasidir. Ikki voyaga yetgan farzandi va rasmiy rafiqasi bilan yashagan Jamshid Matlyubov qo‘shiqchi Qodirjonova bilan ham o‘g‘il ko‘rgan.

Dilnura Qodirjonovaning o‘z xonadonida o‘lik holda topilishi ortidan, uning onasi bir necha bor mahkamalar va yuqori darajali hukumat idoralariga murojaat etgani ish bermagach, inson huquqlari faoli Surat Ikromovga murojaat etgan.

Murojaat asosida olib borgan shaxsiy tadqiqoti ortidan, Surat Ikromov o‘z maqolasida qo‘shiqchining o‘ldirilishiga uning avvalgi turmushidan ko‘rgan ikki qizi guvoh bo‘lgani, va qizaloqlarni qo‘rqitib, ularni jim ushlash uchun ular enaga Rene Metmuradova qaramog‘iga topshirilganini yozgan. Qo‘shiqchi onasining o‘z nevaralarini asrab olish harakatlari samarasiz bo‘lgan.

Surat Ikromovga qarshi mahkamaga arz qilgan enaga Rene Metmuradova norozi bo‘layotgan jihat o‘zining qizaloqlarga "begona ayol" deya tasvirlanganidir.

Ammo, janob Ikromov endi nimani rad etishi kerakligini tushunmagan.

"Nima ayb qo‘yishni menga sudni o‘zi umuman bilmayapti. Da‘vogar ham o‘zi meni nimada ayblayotganini men tushunolmayapman. Advokatim ham tushunmayapti," - deydi Surat Ikromov.

Uning aytishicha, mahkama ishi ortida uni qo‘rqitib qo‘yish istagi yotibdi.

"Sudga buyruq berilgan nima bo‘lsa ham mana shunday qaror chiqarishga. Da‘vo arizasining orqasida turgan odam aslida Jamshid Matlyubov," - deydi faol.

Unga ko‘ra, uning aybi isbotlanmagan, maqolada Rene Metmuradova iddao qilgan "haqorat va tuhmat"ni isbotlaydigan hech qanday jumla yo ibora topilmagan.

"Noto‘g‘ri yozganman" deb yozishim kerak emish. Men bunga rozi emasman, bunday qilmayman. Apellyatsiyaga beramiz buni. Mutlaqo asossiz qaror bu," - deydi u.

Bi-bi-si Jamshid Matlyubovning mazkur mahkama ishiga munosabatini bilishga uringan, ammo barcha harakatlar unumsiz bo‘lgan.