O‘zbekistonda bozordagi nonlar qolib, endi buxankalar ham qimmatlagan

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 2 oktyabrdan boshlab mamlakatda buxanka nonlarining narxi oshirilgan.

Oliy navdan tayyorlangan buxanka noni 550 so‘mdan 700 so‘mga, birinchi navli undan tayyorlangani esa, 350 so‘mdan 400 so‘mga ko‘tarilgan.

Non 28 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda eng ko‘p iste‘mol qilinadigan mahsulot turi hisoblanadi.

O‘tgan ikki oy ichida O‘zbekistonda boshqa eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining ko‘tarilib ketgani ham kuzatilgandi.

Deylik, unning narxi qariyb ikki barobarga ortgani, yog‘, go‘sht va shakar kabi mahsulotlar ham 20, 30, 40 foizgacha qimmatlagani aytilgandi.

O‘zbekistonda avgust oyidan boshlab, maoshlar miqdori ham oshirilgan. Ammo mahalliy iqtisodchilarga ko‘ra, ko‘tarilgan maoshlar narx-navoning o‘sishini qoplay olmagan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan ikki oyning o‘zida oziq-ovqat narxlari butun dunyo bo‘ylab ham besh foizga oshgan.

Bunga ayrim sobiq Sho‘ro davlatlarida kuzatilgan qurg‘oqchilik va Rossiyaning chetga bug‘doy sotmaslik qarori sabab bo‘lgan.

Ayniqsa, Rossiyani zabtiga olgan qurg‘oqchilik yaqinda narx-navolarning yanada sakrashiga olib kelgan.

Rossiyada bug‘doy hosilining yaxshi bo‘lmagani va bug‘doy eksportiga qo‘yilgan cheklovlar xalqaro bozorda bug‘doy narxini ko‘tarib yuborgan.

Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro miqyosda oziq-ovqatlarning ham qimmatlashishiga olib kelgan.

Biz O‘zbekistondagi so‘nggi narx-navo oshishida mazkur vaziyatning ta‘siri qanchalik ekanini bilish uchun mahalliy mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimovni suhbatga tortdik.