Toshkentda jurnalist Abdumalik Boboyev himoyasiga piket o‘tkazildi

"O‘zbekistonda halol va adolatli saylovlar uchun" norasmiy jamoat birlashmasi rahbari Abdullo Tojiboy o‘g‘li "Amerika ovozi" radiosi muxbiri Abdumalik Boboyevga nisbatan sud jarayonini to‘xtatish talabi bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi oldida norozilik aktsiyasi uyushtirgan.

Abdullo Tojiboy o‘g‘lining aytishicha, "O‘zbekistondagi xalqaro va mahalliy jurnalistlarga qarshi yasama hujjatlar bilan jinoiy ish qo‘zg‘ab, ularning jinoiy javobgarlikka tortilishidan nihoyatda tashvishdalar".

Aktsiya tashkilotchisiga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham olib borilayotgan bu kabi siyosatga o‘z noroziliklarini bildirish uchun O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi binosi qarshisida norozilik aktsiyasi o‘tkazishga qaror qilishgan va jurnalist Abdumalik Boboyevning mahkamasi jarayonida o‘z chiqishlarini davom ettirish niyatidalar.

Himoyachisining ishni olib borishdan voz kechishi ortidan, jurnalist Abdumalik Boboyevning 4 oktyabrga rejalangan mahkama jarayoni kecha noma‘lum muddatga qoldirilgandi.

Jurnalist Boboyevga qarshi bir qator, jumladan, "tuhmat", "haqorat", davlat chegaralariga oid qonunlarni buzish, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni ishlab chiqarish va tarqatish kabi ayblovlar ilgari surilgan.

Uning ishini yaqindan kuzatib borayotgan mahalliy huquq himoyachilari ham jurnalistga qo‘yilayotgan ayblarning "soxta" ekanini aytishadi.

Abdumalik Boboyevning sudi arafasida Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va qator xorijiy jurnalistlar O‘zbekistonda jurnalistlarga qarshi davom etayotgan ta‘qiblar va tazyiqlarni qoralab, keskin bayonot bilan chiqishgandi.

Kuni-kecha Amerika Qo‘shma Shtatlarining rasmiy vakili ham bayonot bilan chiqib, Abdumalik Boboyevga qarshi ta‘qiblarni qoralagan.

Amerikaning OXHTi qoshidagi elchisi Ien Kelli mamlakati O‘zbekistondagi ommaviy-axborot vositalarining erkinligi bilan bog‘liq vaziyatdan jiddiy xavotirda ekani, jurnalist Abdumalik Boboyevga qarshi ilgari surilgan va aksariyati jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq ayblovlar, ayniqsa, tashvishga loyiq ekanini aytgan.

Biz norozilik aktsiyasi ishtirokchisi Abdulla Tojiboy o‘g‘lini suhbatga chorlab, chiqish tafsilotlarini so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди