Jizzax: paxta terish navbati endi azadorlarga yetdi...

Jizzaxlik inson huquqlari himoyachilarining bildirishicha, viloyatda to‘y va azaga ketayotganlarni majburan paxta dalasiga chiqarish hollari uchramoqda.

Bu yil jahon bozorida paxta narxining o‘sishi ortidan O‘zekiston yetishtirilgan hosilni yomg‘irli kunlargacha terib olishga qattiq kirishilgani aytiladi.

Maktab o‘quvchilaridan tortib huquq-tartibot organlari xodimlarigacha paxta dalalariga jalb qilingan.

Jizzax viloyatining paxtaga ixtisoslashgan tumanlarida paxta kampaniyasi avjiga chiqqani xabar qilinadi.

Paxtakor tumanidan oldin fermerlik bilan shug‘ullangan ayni damda inson huquqlari himoyachisi Saida Qurbonovaning Bi-bi-siga aytishicha, hokimiyatdan berilgan og‘zaki qaror bo‘yicha tumanda erkin harakatlanishga chek qo‘yilgan.

"To‘yga yoki ta‘ziyaga ketayotgan odamlarni yig‘ishtirib olib, mashinaga tiqib Arnasoy yoki Gagaringa paxtaga olib ketayapti. Shunaqa ishlarning o‘zim ko‘p guvohi bo‘ldim," deydi Saida Qurbonova.

Uning ilova qilishicha, hattoki, to‘y munosabati bilan aylanishga chiqqan kelin-kuyovlarni ham dalaga haydash holatlari uchramoqda.

"Kecha kuyov jo‘ralar bilan gaplashdim. Bizni Jizzax shahriga kiritishmadi. Soat kechki beshdan keyin kelasizlar, yo‘llar yopiq, paxtaga boringlar, debdi. Bu narsalar bo‘layapti," deydi inson huquqlari himoyachisi.

Saida Qurbonova tumanga eltuvchi yo‘llar paxta munosabati bilan kunduz kunlari yopilgani uchun mashinalar aylanma yo‘llar orqali borishga majbur bo‘layotgani va natijada yo‘l kiraning ikki barobar oshib ketganini aytadi.

Biroq shu tumanda yashovchi bir haydovchining aytishicha, to‘y va boshqa sabablar bilan ko‘chaga chiqqan odamlarni majburan paxtaga haydash holatlari hali bo‘lmagan.

"O‘zim bundan besh kun oldin ZAGSga chiqdim. Bemalol borib mashinalar bilan aylantirib keldik. Hech kim paxtaga majburlab chiqargani yo‘q, yo‘llar ham yopilgani yo‘q. O‘zimiz bir necha marotaba tuman markaziga borib kelayapmiz. Biroq bozorlar yopilgani rost, ammo kasalxona va boshqa joylar ishlab turibdi," deydi haydovchi.

Ayni kunlarda dalalarda birinchi terim tugagan.

Bu yil jizzaxlik paxtakorlarga yordam berish uchun bir necha yillardan beri paxtaga chiqmay qo‘ygan Toshkentdagi ayrim o‘quv yurtlari jumladan toshkent to‘qimachilik instituti talabari olib kelingani aytilmoqda.

Kuzatuvchilar paxta kampaniyasiga keng ko‘lamda terimchilar chaqirilgani bilan dalalarda paxta hosilining kam ekanligini aytishmoqda.