Gulnora Karimova "L'officeil" modalar jurnalining Markaziy Osiyo sho‘‘basini ochib berdi.

Image caption Gulnora Karimova hamkorligida nashr etila boshlagan "L'Officiel Central Asia" moda jurnali aholining aksar qismi uchun mo‘ljallanmaganligi aytilmoqda.

O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan modalar haftali doirasida mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova "L'Officiel" modalar jurnalining Markaziy Osiyo nashrini ochib berdi.

Toshkentdagi frantsuz restoranlaridan birida o‘tkazilgan taqdimot marosimida jurnal sohibi Mari-Joze Sasskind-Jalyu ham shaxsan ishtirok etdi.

Taqdimot marosimiga an‘anaviy frantsuz fazosini berish maqsadida mashhur frantsuz pantomimi Marsel Marso rusumida tamosha ko‘rsatuvchi san‘atkor taklif etilgan.

Zal devorlari esa 1920 yillarda Fransada asos solingan "L'Officiel" jurnalining tarixiy muqovalari tushirilgan plakatlar bilan bezatilgandi.

Jurnal sohibi Mari-Joze Sasskind-Jalyu va Gulnora Karimova birgalikda Markaziy Osiyo nashrining birinchi soni solingan ramziy qutini ochib berdilar.

Taqdimot marosimida qatnashgan "L'Officiel" Bosh boshqaruvchisi Benjamin Yeymerning Bi-bi-si bilan suhbada aytishicha, mehmonlar orasida "Faberje" zargarlik buyumlari shirkati vakillari, mashhur musiqachi Mojo, italiyalik rassom Marko Perego va mahalliy pop yulduzlar ishtirok etdilar.

Janob Yeymerga ko‘ra, "L'Officiel" O‘zbekistonda "Terra-Nova" nashriyoti bilan hamkorlikda chop etiladi va Qozog‘iston, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham o‘z maxlislarini topish ilinjida.

Keyinchalik erkakalr uchun ham moda jurnali va jurnalning Internet shaklini ham boshlash rejalari bor.

Benjamin Yeymerning aytishicha, jurnalning Markaziy Osiyodagi birinchi bo‘linmasini yo Qozog‘istonda yo O‘zbekistonda ochish borasida ikkilanishgan.

Keyinchalik janob Yeymer O‘zbekistonga safar qilib, shaxsan Gulnora Karimova bilan uchrashganidan so‘ng moda sohasida allaqachon o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxs bilan ish yuritish afzal ko‘rilgan.

Bi-bi-si tomonidan berilgan, O‘zbekiston aholisning aksar qismi zo‘r-bazo‘r kun kechirishi nazarda tutilsa, shohona jurnal uchun bozor ne qadar bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga, janob Yeymerning javob berishicha, jurnal har qanday davlatda chiqmasin aholining aksar qismi uchun mo‘ljallanmaydi. "Va har qanday davlatda ham aholining aksar qismi, aytaylik 30 ming dollarga qo‘l soati sotib olishga qurbi yetadiganlardan tashkil topmaydi", deya ilova qildi u.

Gulnora Karimovaning shubhali biznes tadbirlari sizlarni o‘ylantiradimi, degan savolga esa, janob Yeymer ularning asosiy maqsadi modani tashviq etish ekani, va Karimova xonimning shubhali, deya aytillayotgan tadbirkorligidan xabari yo‘qligini bildirdi.