'Har yili jahonda Italiya hududiga teng dehqonchilik yerlari yo‘qotilayapti'

Birlashgan Millatlar tashkilotining yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha eksperti jahon bo‘ylab kichik fermerlar o‘zlarining yerlaridan ajralayotgani oqibatlaridan ogohlantirgan.

Ekspert Oliver de Shatter fermerlarning yerlarini yo‘qotayotganiga uch omil sababchi bo‘layotganini aytgan.

Bular yirik korporatsiyalar, atrof-muhit degradatsiyasi hamda urbanizatsiya muammolaridir.

Oliver de Shatter bu muammolarni kichik miqyosdagi yer egalari uchun "portlovchi kokteyl omillar" deb atagan.

Janob Shatter ishonishicha, sanoat miqyosining kengayib borayotgani, shaharlarning yanada yiriklashayotgani oqibatida qishloq ahliga tobora kam yer qolayapti, fermerlar shunda ham ko‘p ham unumdor bo‘lmagan zaminlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqdalar.

BMT eksperti Oliver de Shatter ogohlantirishicha, har yili jahonda Italiya hududiga teng dehqonchilik yerlari yo‘qotilayapti, bu esa yarim million kichik fermerlar, baliqchilar va mulkdorlar och qolishini anglatadi.

Bunday xavotir ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi yerdan foydalanish borasidagi katta bahsu-munozaralarning tarkibiy bir qismidir.

So‘nggi yillarda Afrika hamda Osiyo qit‘alaridagi qator mamlakatlarda ko‘plab yerlar yirik miqyosdagi fermerlar yoki sanoat tasarrufiga o‘tkazilgani kuzatildi.

Bunday loyihalarni dastaklovchilarning da‘volaricha, bu bilan iqtisodiy kengayishga erishiladi, kichik fermerlar bilan esa bunga erishishning imkoni yo‘q.

Ammo boshqalarning ishonishicha, aslida kuchsiz boshqaruv hamda korruptsiya tufayli yaxshi, unumdor yerlar oldi-bordilar manbasiga aylanayapti, buning oqibatida qishloq odamlari ro‘zg‘or tebratadigan zaminlaridan mosuv bo‘layapti.

O‘zbekiston hukumati ham yerdan samarali foydalanish vaji bilan fermerlar yerlarini yiriklashtirish siyosatini boshlagan, oqibatda ko‘plab dehqonlar ishsiz qolgan.

Ana shunday o‘zining kichik fermer xo‘jaligidan ayrilgan insonlardan biri - jizzaxlik inson huquqlari faoli Ma‘mur Azimov.

Biz u bilan yerlarni kichik fermerlardan yirik fermer xo‘jaliklari tasarrufiga o‘tkazilishi oqibatlari haqida suhbatlashdik.

Dastavval undan, bu tadbirni rasman qanday izohlashdi, deb so‘radik.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди