Transparency International: O‘zbekiston yuqori darajada idoraviy fasodga botgan

Transparency International xalqaro tashkiloti dunyo davlatlari korruptsiya darajasining 2010 yilgi ko‘rsatkichlarini e‘lon qildi.

Korruptsiyaga qarshi kurash olib boradigan tashkilot yangi hisobotida O‘zbekiston 178 mamlakat orasida 172-o‘rinni egallagan.

Bu korruptsiya darajasi O‘zbekistonda eng yuqorilaridan deganidir.

O‘zbekistondagi korruptsiya darajasi Iroq va Afg‘onistonga o‘xshagan mamlakatlardan sal yaxshiroq.

Transparency International tashkilotining ko‘rsatkichi u yoki bu mamlakat haqida biznesmenlar hamda mamlakatdagi vaziyatni yaxshi biladigan ekspertlar bergan baholariga tayanadi.

Mamlakatdagi ahvolga qarab 10 ballik shkala bo‘yicha baho beriladi.

Eng yuqori ball 2010 yilda Daniya, Singapur va Yangi Zelandiya mamlakatlariga berilgan, ular 9,3 ball to‘plaganlar.

Transparency International 2009 yilda jahondagi 180 mamlakat ro‘yxatini e‘lon qilgan, bu yil bu ro‘yxatga 178 mamlakat kiritilgan.

Avvalgi yilda O‘zbekiston 174-o‘rinni egallagan, bu yil mamlakat joyining 172-o‘ringa ko‘tarilgani idoraviy fasodga qarshi biror amal bajarilgani natijasi emas, balki bu yilgi ro‘yxatdagi mamlakatlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan ikkita kamligidir.

Xalqaro tashkilot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston juda korruptsiyalashgan mamlakat, ammo respublika rahbariyati bu illat oldini olish yoxud unga qarshi kurashish uchun hech narsa qilmayapti.

O‘zbekistonning ichkarisidagi vaziyatni yaxshi biladiganlar idoraviy fasod mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin yanada avj olganini qayd etadilar.

Aholisi 30 millionga yaqinlashgan mamlakatda ishga yaroqli insonlarning ko‘pchiligi mehnat muhojirligini oilasini boqishning yagona yo‘li sifatida tanlab, xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lganlar.

Ishsizlik bilan birga korruptsiyaning rivojlangani O‘zbekistondagi qashshoqlikning asosiy sabablaridan biridir.

Ayrim oilalar, xalq iborasi bilan aytganda, "qozoni oylab go‘sht ko‘rmaydigan" sharoitda kun ko‘rishga majbur bo‘lib turgan bir paytda mansabdorlarning mamlakatning yirik shaharlarida butun boshli "aslzodalar mavzelarini" barpo etayotganlarini ko‘rish mumkin.

Bu mansabdorlarning aksari amalda davlat idorasida 1000 AQSh dollariga yetmaydigan maosh oladigan insonlardir.

O‘zbekistonda huquqni muhofaza qilish organlari, davlat boshqaruvi idoralari eng korruptsiyalashgan tizimlar hisoblanadi.

Mamlakatning davlat nazoratidagi matbuotida oliy o‘quv yurtlariga kirishning adolatli test usuliga o‘tilgani haqidagi targ‘ibotga qaramasdan, har yili yozda qaysi o‘quv yurtiga "qancha berib kirish mumkinligi"ni odamlar yaxshi bilishadi.

Xo‘sh, ushbu hisobot korruptsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar uchun qanchalar ahamiyatli?

BBC ushbu savol bilan Transparency Internationalning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha mas‘uli Miklosh Marshalga murojaat qildi.

Miklosh Marshal: Men bu savolga javob berish juda qiyin deb o‘ylayman. Biz hisobotimiz ta‘siri bo‘ladi deb ishonamiz. Chunki, u korruptsiya muammosi qanchalar jiddiyligi borasida ommani boxabar qiladi, hisobotdan uyalgan hukumatlar esa vaziyatni yaxshilashga urinishadi. Oxirgi 20 yilda korruptsiya darajasi dunyoda pasaydi. Transparency International kabi tashkilotlar sa‘y-harakati bilan korruptsiya me‘yorlarini o‘lchash usullari ham o‘zgardi. Hozirda biz manfaatlar to‘qnashuvi va shaffoflikka alohida e‘tibor qaratadigan bo‘lganmiz. Xullas, dunyo oxirgi 20 yilda ancha shaffoflashdi va odamlar korruptsiya masalasiga ko‘proq diqqat qaratadigan bo‘lishdi.

BBC: Lekin so‘nggi hisobotingizni avvalgilariga solishtirganda O‘zbekistondagi korruptsiya darajasi deyarli o‘zgarmaganini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda idoriy fasod darajasi jangzada Afg‘oniston yoki Iroqdan sal yaxshiroq... Nima uchun bunday deb o‘ylaysiz?

Miklosh Marshal: Hamma gap shunda-da. O‘zbekiston o‘zgarmasdan qolayotgan sanoqli davlatlardan biri, chunki ular bizning ogohlantirishlarimizga quloq solishmaydi, e‘tibor berishmaydi. Sababi O‘zbekistonda rejim nodemokratikdir va mamlakatni dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biriga aylantirdi. O‘zbekistonda korruptsiya darajasi juda ham past bo‘lishi kerak aslida. Chunki bu mamlakatda rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha manbalar bor. U yerda vaziyatning o‘zgarmayotgani O‘zbekiston hukumati, u yerdagi siyosiy elita muammosidir. Ular xalqaro biznes jamoalari fikrlariga quloq solishmayotir. Hisobotimizda korchalonlarning mamlakatdagi biznes muhiti haqidagi fikrlari bor. Ular O‘zbekistonda endemik korruptsiya muammosiga duch kelishlari haqida yozishadi. Idoraviy fasod - O‘zbekiston yuzidagi qora dog‘dir. Bizning hisobotimiz faqat Transparency Internationalga tegishli emas. Bu xalqaro biznes jamoatiga ham taaluqli. Bu hisobot bizning nomimizdan tarqaladi, xolos.

BBC: Sizda O‘zbekiston hukumatiga bosim ko‘rsatish vositalari bormi?

Miklosh Marshal: Yo‘q, bizda bunday vositalar yo‘q. Alal-oqibat biz fuqaroviy jamiyat tashkilotimiz va bizda hech qanday qonuniy kuch yo‘q. Biz faqat chop qilish qudratiga egamiz. Odatda chop qilingan narsaning cheksiz qudrati bo‘ladi. Odatda hukumatlar jamoatchilik orasida obro‘siz bo‘lib qolishni istamaydi. Afsuski, O‘zbekistonga xalqaro hamjamiyat fikri qiziq emas.

BBC: O‘zbekiston va Turkmaniston kabi yopiq davlatlardan korruptsiya darajasi haqida qanday qilib ishonchli ma‘lumot olasizlar?

Miklosh Marshal: Albatta bu oson emas. Agar O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, bu borada yettita tadqiqot o‘tkazganmiz. Bizning indeks hisobotimiz tadqiqotlarni o‘rganish asosida tuziladi. Bu yil biz nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan tuzilgan olti tadqiqot, jumladan Osiyo Taraqqiyot banki, Freedom House va shunga o‘xshash tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga acoslandik. Bular ancha ishonchli va nufuzli tadqiqotlar, biz ana shulardan korruptsiya bilan bog‘liq qismlarini o‘rganib chiqdik. O‘zingiz bilasiz korruptsiya darajasini aniqlash juda mushkul, balkida imkonsiz bir narsadir. Shuning uchun biz bu darajani aniqlashga yaqinroq borishga harakat qilamiz, xolos. Biz, shuningdek, har bir mamlakat bilan ish yuritadigan mutaxassilar, ishbilarmonlarni ham savolga tutamiz. Ulardan ko‘plari mamlakatdan tashqarida, lekin mamlakat ichida yashovchilarni ham so‘rovga tutamiz.