O‘zbekiston: yillik paxta plani bajarildi, ammo bolalar hamon dalada

O‘zbekistonda rasman yillik paxta rejasi bajarilganidan ikki hafta o‘tgan bo‘lsa-da, paxta dalalaridagi maktab o‘quvchilari hali sinfxonalarga qaytgani yo‘q.

Dalalarda deyarli paxta qolmagani va havo sovib borayotganiga qaramasdan bolalarning hanuz paxta terishi kuzatuvchilarda paxta plani bajarilgani borasidagi davlat hisobotlariga nisbatan shubha paydo qilgan.

Bundan ikki hafta muqaddam O‘zbekiston matbuoti misli ko‘rilmagan qisqa muddat - bir oyning ichida davlat paxta rejasi bajarilgani haqida bong urgan edi.

Marraga qisqa muddatda yetib kelish kontsertlar va prezidentning tabrigi bilan keng nishonlandi.

Ammo paxta rejasi bajarilganiga qaramasdan, maktab o‘quvchilari hanuz aldash va majburlash orqali dalaga haydalmoqda.

Bir necha kundan beri paxtaga chiqmayotgan suhbatdoshimizning qizini bugun maktab boshlandi, deya aldab chaqirib paxtaga chiqarishgan.

- Paxtaga chiqartirmayotgan edim, bugun maktab boshlandi, deb chaqirtirishibdi. Borsa, paxtaga chiqasizlar, debdi. Keyin kelib kiyimlarini almashtirib paxtaga ketdi, deydi 9 sinfda o‘qiydigan o‘quvchining otasi.

Bundan tashqari paxta mavsumi arafasida yopilgan tuman markazidagi bozor va do‘konlar ham ayni damda kechki soat 5 da ochilmoqda.

Suhbatdoshlarimiz dalalarda paxta qolmaganini va ob-havo sovib qolganini aytishadi.

"Dalada o‘zi paxta qolmagan. Chiqqanlar ham besh, uzog‘i bilan 10 kilo terib kelishayapti. Kunlar ham sovub qoldi," deydi suhbatdoshimiz.

Paxta kompaniyasining boshlangandan beri susaymaganini kuzatuvchilar davlat rejasi faqat qog‘ozlarda bajarilgani bilan izohlashadi.

"Davlat rejasi o‘tmishdagi kabi qog‘ozda bajarilganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, paxta yo‘q dalalarga hammani haydashmas edi. Bozorlardan tortib, umumiy ovqatlanish nuqtalarigacha hammasi kunduzi taqa-taq yopilgan", deydi jizzaxlik inson huquqlari faoli Saida Qurbonova.

O‘zbekiston xalqaro miqyosdagi tanqidlarga qaramay, paxta terimida bolalar mehnatidan foydalanadigan davlat hisoblanadi.

Har yili yangi o‘quv yili boshlanishi bilan yuqori sinf o‘quvchilari uchun maktab eshiklari yopiladi.

Ko‘p yillar fermerlik bilan shug‘ullangan Ma‘murjon A‘zimovning ta‘kidlashicha, dalalardagi paxtani o‘quvchilarning yordamisiz ham terib olsa bo‘ladi.

"O‘zbekistonda nima ko‘p, ishsiz odam ko‘p. Bir kilo paxtaga 100 so‘m emas, 200 so‘mdan bersin hammasi chiqib teradi. Lekin bu narsani fermerning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Chunki paxta narxi tepadan belgilanadi. Fermer hech bir sohada mustaqil emas," deydi u.

Sobiq fermerga ko‘ra, agar fermerlarning qo‘lida o‘zi yetishtirgan maxsulotni o‘zi istagan narxda sota olish erkinligi bo‘lganida va ular mustaqil bo‘lganida dalalardagi paxtalarni bollalar mehnatisiz ham terib olsa bo‘ladi.

Bu yil maktab o‘quvchilariga bir kilogram paxta uchun 100 so‘mdan va hozir paxta navining sifati tushib, havolar sovub qolganda 130 so‘mdan haq berilayotgani aytiladi.

Qora bozordagi narx bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘quvchi bir dollarga ega bo‘lishi uchun 22 kilogramm paxta terishi lozim bo‘ladi.