Kattalar yoshlarning mobil telefondan kam foydalanishini istashadi, yoshlar hammi?

Image caption O‘zbekistonda uyali telefonlarning inson salomatligi, ayniqsa bolalarga ta‘sirini kamaytirish atrofida muhokama davom etmoqda

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini mobil telefonlar zararidan saqlash borasida muhokamalar yana qizimoqda.

Mutaxassislar ushbu masala jiddiyligidan uyali telefonlarni taqiqlash uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish ham ko‘rib chiqilayotganini aytishadi. Ammo taqiqning qay tarzda bo‘lishi masalasi ochiq qolayotgani uchun bu masala joyidan siljigani yo‘q. Hozircha esa Xalq ta‘limi vazirligining ko‘rsatmasi bilan maktablarda dars vaqtlarida uyali telefondan foydalanishga chek qo‘yilgan.

Mobil telefonining chaqirish signaliga musiqa qo‘yib olgan Murodilla Toshkent shahri maktablarida o‘qiydi. Ko‘pchilik sinfdoshlari singari u ham uyali telefondan foydalanishni afzal deb biladi. Telefon orqali asosan sinfdoshlari bilan gaplashadigan Murodilla uning sog‘lik uchun zararli ekanligidan xabari yo‘qligini aytadi.

- Sotkaning zararini umuman ko‘rmadim. Foydasi boru, ammo zarari yo‘q, - deydi Murodilla.

Ammo mutaxasisslar bunday fikrlashmaydi. O‘zbekiston davlat sanitar epidemiologik nazorat markazi shifokori Abdurauf Qosimovning aytishicha, voyaga yetmaganlar uchun mobil telefonlarining zarari ko‘proq bo‘ladi.

"Unda elektromagnit maydoni hosil bo‘ladi. Birinchidan, bolalarning asab tizimi kattalarga qaraganda rivojlanmagan, immuniteti hali yaxshi rivojlanmagan. Kattalalarning suyagi ham ancha qalin bo‘ladi. Bolalarning bosh suyagi juda yupqa bo‘ladi. Shuning uchun nurlar ko‘proq o‘tadi. Agar bir xil kuch bo‘lganda ham ta‘siri ko‘proq bo‘lishi mumkin", deydi shifokor Abdurauf Qosimov.

Kompyuter, mikroto‘lqinli pech vositalari kabi zararli deb ko‘rilgan uyali telefonlarning inson salomatligi, ayniqsa bolalarga ta‘sirini kamaytirish borasida O‘zbekistonda muhokamalar ketmoqda. Hukumat doiralarida bu borada qaror va qonun chiqarish to‘g‘risida ham fikrlar yangragan.

Ana shunday mavzularda faol ishtirok etadigan mutaxassis Abdurauf Qosimovga ko‘ra, aniq bir mexanizm bo‘lmaganligi bois, ushbu zararli vositadan o‘smirlarni himoya qilishning qonuniy asoslari hali ishlab chiqilmagan.

- Oldin Vazirlar mahkamasining qarorini chiqaramiz deyishdi. Uning loyihasini tayyorladik. Qolib ketdi. Keyin qonun deyishdi, bu ham daraksiz ketdi. Mexanizm bo‘lmayapti. Hamma gap shunda. Masalan, ma‘muriy kodeksga ham bolalar noto‘g‘ri foydalansa, jarima solamiz deb, qo‘shimcha qo‘shamiz deyishdi, deydi respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazidan Abdurauf Qosimov.

O‘zbekiston parlamenti quyi palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi a‘zosi Sadirjon Jakbarov maktab o‘quvchilari uchun mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash parlamentda ko‘rib chiqilmatganini aytdi.

- Bu bo‘lmagan gap. Qonunchilikda unaqa narsa yo‘q. Qanaqa qilib taqiqlash mumkin, - deydi Oliy majlis deputati Sadirjon Jakbarov.

Toshkent shahridagi maktablardan birida ta‘lim beradigan ismini oshkor qilishini istamagan o‘qituvchining aytishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab maktablarda uyali telefondan foydalanish Xalq ta‘limi vazirligi buyrug‘i bilan taqiqlangan.

"Xalq ta‘limi vazirligining ko‘rsatmasi bilan hamma maktabda uyali telefondan foydalanish taqiqlangan. Majlislarda ham, bolalaringizga oddiy telefon olib bering va maktabda foydalanish mumkin emasligini uyda ham uqtiring deb aytiladi", deydi toshkentlik o‘qituvchi.

Murodillaning sinfida 35 ta bola o‘qisa, shuning 15 nafarida mobil telefoni bor. Kun davomida bir-ikki soat telefon orqali muloqot qiladigan bu o‘quvchi telefondan uy vazifalarini muhokama qilish uchun foydalanamiz, deydi.

- Dars vaqtida telefonimizni "sassiz" qilib qo‘yamiz. Chunki foydalanish mumkin emas, - deydi 9-sinf o‘quvchisi.

Ammo kuzatuvchilar uyali telefon va undagi xizmatlarning oddiy odamlar uchun ham qo‘l yetar darajada arzonligi bois o‘quvchilar undan faqat muloqot uchun emas, balki internet, musiqa va xabar almashish uchun ham foydalanishini aytishadi.

"Turli xil kerakli va keraksiz ma‘lumotlardan foydalanish imkoni ko‘payib ketdi. Bu narsa bolalarni chalg‘itadi. Misol uchun keraksiz saytlarga kirishi, yuqori sinf o‘quvchilari dars vaqtida musiqa eshitib o‘tirishi mumkin, bir-biriga xat tashlashi, ya‘ni sms dan foydalanishi. Telefonning qanaqa funktsiyasi bo‘lsa, o‘shani keng ko‘lamda qo‘llashadi. Bularning hammasi ko‘pincha dars hisobidan bo‘ladi. Shuning uchun dars vaqtida maktabda telefon umuman mumkin emas. Ya‘ni o‘quv jarayoniga ta‘sir qilmasligi kerak", deydi Toshkentdagi maktablardan birining o‘qituvchisi.

O‘zbekiston mobil telefonlardan foydalanish shiddat bilan ortib borayotgan davlatlar sirasiga kiradi. 2010 yil avgust oyi ma‘lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqalaridan foydalanuvchilarning soni 18 milliondan oshib ketgan. Shundan 10 foiz atrofidagi foydalanuvchilarning voyaga yetmagan o‘smirlar ekanligi ta‘kidlanadi.

O‘zbekistondagi yil sayin shiddat bilan ortib borayotgan internet foydalanuvchilarning salmoqli qismini ham aynan yoshlar tashkil etishi aytiladi. So‘nggi rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, olti yarim milliondan ko‘proq internet foydalanuvchilarning teng yarmini mobil telefon orqali kiruvchilar tashkil etadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘smirlar hayotining muhim tarkibiga aylanayotgan uyali telefonlar zararli bo‘lsa ham undan butunlay voz kechib bo‘lmaydi. Balki yoshlarning orasida foydalanish madaniyatini shakllantirish kerak.

- Telefonga bo‘lgan munosabatni shakllantirish kerak. Telefondan baribir voz kecholmaymiz, bu kerak narsa. Bolalarga foydalanishining to‘g‘ri vaqtini bilishini o‘rgatib qo‘ysak bo‘ldi. Qachon foydalanish kerak, nima maqsadda foydalanish kerak, mana shularni uqtirishimiz kerak, - deydi toshkentlik o‘qituvchi.