O‘zbekiston Xitoydagi Osiyo O‘yinlarida ilk oltin medalini oldi

Rishod Sobirov
Image caption Rishod Sobirov o‘z vazn toifasida 2010 yilgi Jahon chempioni, Pekin Olimpiadasi bronza medali sohibidir

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo O‘yinlarining to‘rtinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar ikkita oltin medalini qo‘lga kiritishdi.

60 kg vaznda o‘zbekistonlik dzyudochi Rishod Sobirov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga oltin medalini olib berdi.

Rishod Sobirov o‘z vazn toifasida 2010 yilgi Jahon chempioni, Pekin Olimpiadasi bronza medali sohibidir. Lekin bu Rishodning Osiyo O‘yinlaridagi ilk ishtirokidir.

Bir oz muqaddam biz Guanchjouga - Rishod Sobirovning o‘ziga bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik:

Yana bir oltin medal

Shaxmat bo‘yicha bellashuvlarda esa, taniqli shaxmatchi Rustam Qosimjonov yana bir oltin medalini olishga erishdi.

O‘zbekistonlik sportchilar bugun beshinchi kumush medallarini ham qo‘lga kiritishdi.

Tennis bo‘yicha erkaklar jamoasi bu gal sovrinli ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha erkaklar juftligi esa, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga beshinchi bronza medalini keltirdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan dzyudo bellashuvlarida sovrinli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘tkir Qurbonov esa, O‘zbekiston hisobidagi bronza medallar sonini yana bittaga ko‘paytirdi.

Hozircha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 ta oltin, beshta kumush va oltita bronza medali bilan medallar jadvalida 8-o‘rinda bormoqda.

Qozog‘iston milliy terma jamoasi ham bugun ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi.

25 metrga to‘pponchadan o‘q uzish bo‘yicha ayollar jamoasi Qozog‘istonga ilk oltin medalini olib berdi.

77 kg vazndagi shtangachilar bellashuvida esa, qozoq milliy terma jamoasi bir kumush va bronza medali oldi.

Qozog‘istonlik merganlar 10 metrga o‘q uzish musobaqasida ham sovrinli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Qozog‘iston milliy terma jamoasi 15 ta medal bilan medallar jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarildi.

Bu hozircha Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

Mintaqaning qolgan davlatlari yoki Afg‘oniston vakillari bugun hisobidan hali biror bir sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishmadi.

To‘rt kun ichida 100 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritgan Xitoy esa, hanuz barcha davlatlarni ortda qoldirib kelmoqda.

Medallar jadvalida ulardan keyin ikkinchi o‘rinda borayotgan janubiy koreyaliklarning medallari esa, ularnikining yarmiga ham yetmaydi.

BBCUZBEK.COM tahririyati SMS raqami +447786201124