O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo O‘yinlarida yana oltin va kumush medali oldi

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo O‘yinlarining beshinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar uchinchi oltin medallarini qo‘lga kiritishdi.

Taniqli velopoygachi Vladimir To‘ychiyev bu gal Osiyo O‘yinlarining oltin medalini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Taekvondo bellashuvlarida 74 kg vaznda Dmitriy Kim esa, bugun kumush medali oldi.

Shtangachimiz Mansurbek Chashimov ham 85 kg vaznda O‘zbekistonga yana bir kumush medali keltirdi.

Suv polosi musobaqalarida o‘zbekistonlik ayollar jamoasiga sovrinli uchinchi o‘rin nasib etdi.

Kecha taniqli dzyudochi Rishod Sobirov 60 kg vaznda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ilk oltin medalini keltirgandi.

Ikkinchi oltin medal esa, o‘zbekistonlik dongdor shaxmat ustasi Rustam Qosimjonovga nasib etgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining beshinchi kunida 3 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan medallar ro‘yxatida 6 -o‘ringa chiqib oldi.

Bu hozircha Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

O‘zbekiston bilan yelkama-elka borayotgan qozog‘istonlik sportchilarning oltin medallari soni o‘zgarganicha yo‘q.

Qozog‘iston milliy terma jamoasi 2 ta oltin, 5 ta kumush va 9 ta bronza medali bilan medallar ro‘yxatida 8-o‘rinda bormoqda.

Shu paytgacha 150 ga yaqin medal to‘plashga muvaffaq bo‘lgan xiytolik sportchilar hali ham peshqadamlikni qo‘ldan boy berishgani yo‘q.

Eng katta sondagi oltin medallar ham xitoylik sportchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.