AQSh O‘zbekiston bilan xavfsizlik masalalarida hamkorlikni kuchaytirmoqchi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Jeyms Mattis Toshkentga uch kunlik safari davomida O‘zbekiston bilan xavfsizlik masalalarida hamkorlikka oid dasturni imzoladi.

Bu haqda Amerikaning O‘zbekistondagi elchiligi xabar tarqatdi.

Dasturda tomonlar o‘zaro kelishuv asosida zimmalariga olgan qator mas‘uliyatlar va 2011 yilda ko‘zda tutilgan o‘quv mashg‘ulotlari xususida so‘z boradi.

Elchilik tarqatgan xabarlarda dasturda aynan qanday mas‘uliyatlar ko‘zda tutilayotgani tafsilotlari aytilmaydi.

Ammo, bildirilishicha, general Jeyms Mattis o‘zbekistonlik mulozimlar bilan muzokaralari chog‘ida mintaqaviy xavfsizlik, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama etgan.

Amerika Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklashda 2001-2005 yillar oralig‘ida O‘zbekistondagi "Xonobod" havo bazasidan foydalanib kelgan.

Lekin 2005 yil 13 may oyidagi Andijon voqealari ortidan AQSh harbiylaridan "Xonobod" bazasini tark etishlari so‘ralgan.

O‘shandan buyon Amerika tomoni Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini dastaklashda Qirg‘izistondagi "Manas" havo bazasiga tayanib keladi.

Ammo o‘tgan yili Qirg‘izistonning "Manas" havo bazasini yopishga oid kutilmagan qarori ortidan rasmiy Toshkent Qo‘shma Shtatlarga O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga noharbiy yuklarni o‘tkazishga ruxsat bergandi.

So‘nggi paytlarda AQSh harbiylari uchun Shimoliy Ta‘minot Tizimining ahamiyati ortib bormoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Ta‘minot Tizimi orqali Afg‘onistonga yetkaziladigan yuklarning 30 foizi tashiladi va bu yuklarning deyarli hammasi O‘zbekistonning Termiz chegara nuqtasidan o‘tadi.

O‘tgan hafta oxirlarida AQSh qo‘shni Qozog‘iston bilan ham Afg‘onistonga yangi havo yo‘lagi ochish xususida kelishib olgandi.

Jeyms Mattis shu yilning yoz oylarida AQSh Markaziy qo‘mondonligining yangi rahbari etib tayinlangandi.

General Mattis Amerikaning Yaqin Sharq, Afg‘oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlariga mas‘ul, deb ko‘riladi.

U o‘z faoliyati davomida Afg‘oniston urushiga asosiy diqqatini qaratishi va prezident Barak Obamaning Afg‘onistonga oid strategiyasini dastaklab borish niyatida ekanini aytgandi.

General Jeyms Mattis Afg‘oniston urushida albatta qo‘llari baland kelishiga ishongan Amerika harbiylaridan biridir.