Osiyo O‘yinlarida O‘zbekistonning medallari soni yana uchtaga ortdi

Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan 16-Osiyo o‘yinlarining oltinchi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yana bir kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Taniqli eshkakchimiz Ruslan Naurzaliyev akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘yinlarning kumush medali sovrindori bo‘ldi.

Akademik eshkak eshishda o‘zbekistonlik erkaklar qo‘shaloq juftligi esa, bronza medali olishdi.

Bugun yana erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan taekvondo bellashuvlarida 87 kgdan ortiqroq vaznda Akmal Ergashevga bronza medali nasib etdi.

So‘nggi yutuqlari ortidan Osiyo O‘yinlarining oltinchi kunida O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisobidagi medallarning soni 22 taga yetdi.

O‘zbekistonlik sportchilar 3 ta oltin, 9 ta kumush va 10 ta bronza medali bilan medallar ro‘yxatida hozircha 8-o‘rinda borishmoqda.

Bugun hisobidan ham bu Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.

Osiyo O‘yinlarida mintaqadan eng katta sondagi sportchilari bilan ishtirok etayotgan Qozog‘iston esa, bugun taekvondo bellashuvlarida uchinchi oltin medalini qo‘lga kiritib, medallar ro‘yxatida 9-o‘ringa chiqib oldi.

Qozog‘istonlik sportchilar, shuningdek, yana o‘q otish, taekvondo va akademik eshkak eshish musobaqalarida bitta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Afg‘onistonlik taekvondochi Nisor Ahmad Bahoviy 80 kg vaznda o‘z milliy terma jamoasiga ilk kumush medalini keltirdi.

16-Osiyo O‘yinlarida Afg‘onistonni 60 dan ortiq sportchilar namoyon etayotgan bo‘lishsa-da, bu ularning qo‘lga kiritgan ilk medallaridir.

Tojikiston milliy terma jamoasi esa, hozircha bitta bronza medali bilan medallar ro‘yxatida 25-o‘rinda bormoqda.

16-Osiyo O‘yinlarida ishtirok etayotgan qolgan Markaziy Osiyo davlatlariga halicha biror bir sovrinli o‘rin nasib etgani yo‘q.

Mezbon Xitoy jamoasining hisobidagi medallarning soni 200 taga yetib qoldi. Ular hanuz ilg‘orlikni qo‘ldan boy bermay kelishmoqda.

Ikkinchi va uchinchi o‘rin uchun kurash esa, Janubiy Koreya va Yaponiya milliy terma jamoalari orasida ketmoqda.

Medallarning umumiy soni jihatdan Yaponiya o‘z qo‘shnisini ortda qoldirgan bo‘lsa ham, janubiy koreyaliklarning oltin medallari ularnikidan deyarli ikki marotaba ko‘pdir.

Shu kunga qadar jami 20 ta medal olgan bo‘lsa-da, aynan 4 ta oltin medali bilan Eron medallar ro‘yxatida 4-o‘rinda bormoqda.