Rishtonda turar-joy binosi portlagan, yaralanganlar bor

Image caption Portlashga tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgani aytiladi

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 48 xonadon istiqomat qiladigan turar-joy binosida gaz portlashi oqibatida ikki kishi jarohatlangan.

Hodisa 17 noyabr kuni Rishton tumani markazidagi Rishton ko‘chasida tush paytida ro‘y bergan.

Portlashga tabiiy gazdan noto‘g‘ri foydalanish sabab bo‘lgan deb ko‘rilmoqda.

Oqibatda to‘rt qavatli yuinoning uchinchi qavatidagi kvartiralar poli ikkinchi qavatga, ikkinchi qavatdagi xonadonlar poli birinchi qavatga o‘pirilib tushgan.

Guvohlarning aytishlaricha, portlash kuchidan binodan yuz ellik metr uzoqlikdagi o‘rta maktab binosining derazalari sinib ketgan.

Rishton tuman shifoxonasiga ikki inson yotqizilgani xabar qilingan, yaqin atrofda bo‘lgan kishilar portlash zarbidan shok holatiga tushganlar.

Bu binoda yashaydigan insonlar ko‘chirilganlar, militsiya xodimlari bino atrofini o‘rab qo‘ygan, hech kim u yerga qo‘yilmayapti.