O‘zbekistonlik 'aqldan ozgan samuraylar'

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Xitoyning Guanchjou shahridagi Osiyo o‘yinlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Unda ishtirok etayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham guruhdagi muvafaqiyatsiz o‘yinlardan so‘ng sensatsion ravishda nimchorakda qatarlik tengdoshlarini mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga chiqdi.

O‘zbekistondan futbolchilarni qo‘llash uchun borgan ishqibozlar esa Xitoy mahalliy matbuotining bosh mavzusiga aylangan. Har qanday holatda ham futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashdan qaytmayotgan bu fanatlarga xitoylik jurnalistlar, "aqldan ozgan samuraylar" deya laqab qo‘yib olishibdi.

Qatar hujumchisi Xalfanning qo‘shimcha taymning boshida ochiq darvozaga urolmagan goli aks etgan video parcha internet tarmog‘ining eng ko‘p ko‘rilgan videosiga aylanib bormoqda. Uch kunning ichida 4 milliondan ortiq tomoshabinni o‘ziga jalb qilgan ushbu omadsizlik O‘zbekiston termasining keyingi bosqichga chiqishiga turtki bergan bo‘lsa ajab emas.

Chunki aynan shu holatdan so‘ng qatarlik futbolchilarning kayfiyatida tushkunlik, o‘zbekistonliklarda esa qo‘shimcha energiya paydo bo‘lgani ko‘rinib turardi. Ushbu vaziyatdan ko‘p o‘tmay o‘zbekistonlik hujumchi Nagayevning goli bilan olimpiya terma jamosi chorak finalga chiqdi.

Guruh bosqichida juda ham ishonchsiz o‘yin ko‘rsatib, nimchorakka "bir amallab" chiqib olgan terma jamoa o‘yinlariga stadiondan bevosita turib kuzatayotgan g‘ayrioddiy o‘zbek muxlislarining quvvatlovi ham ta‘sir ko‘rsatayapti, deguvchilar ham bor.

Sportchilar qolib rang-barang va turli kiyimlar kiyib olgan, tinmasdan jamoasini dastaklovchi bu ishqibozlar mahalliy jurnalistlarning e‘tiboriga tushib ulgurdi.

Internet sahifalari beqaror o‘yin ko‘rsatayotgan olimpiya termasi o‘yinchilarining emas, balki har qanday holatda ham umidsizlikka tushmay jamoasini qo‘llayotgan ushbu yigitlarning rasmlari bilan to‘lib toshgan.

Kimdir O‘zbekiston bayrog‘idan tikilgan boshdan oyoq kiyim kiyib olgan. Yana kimdir xitoyliklarning panamasini milliy do‘ppi shaklida qayta dizaynlagan. Kam sonli ushbu ishqibozlarning stadionda tinmasdan ishqibozlik qilishdan tashqari o‘yindan keyin ham mahalliy muxlislarga iltimoslariga yo‘q demay, uzoq muddat rasmlarga tushishlari mahalliy matbuotda qiziqish bilan yozilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoalar ishqibozlari klubi yetakchisi Abdurahmon Fozilovning Bi-bi-siga aytishicha, O‘zbekistondan futbolchilarni qo‘llash uchun o‘n kishi kelgan, ammo Xitoyda o‘qish v yumushlari bilan yurgan vatandoshlar ham birga ishqibozlik qilishayotgan ekan.

"Bundan tashqari Xitoy xalqi bizni juda yaxshi ko‘rib qoldi. Ular bilan yaxshi muomalada bo‘lganimiz uchun stadionda turib "O‘zbekiston" demoqda. Qiynalayapti, lekin aytayapti. "O‘zbekijtan", "O‘zbekijtan" deya yordam berayapti", deydi Abdurahmon Fozilov.

Uning ilova qilishicha, xitoylik matbuotchilarning e‘tibor berishiga sabab, hech qaysi jamoaning muxlisi o‘zbeklarchalik emas ekan. Vaholanki, bu yerda katta muammolar bor, nog‘oralarni, musiqa asboblarni kirgizmayapti, deydi Abdurahmon.

Muxlislar Osiyo o‘yinlariga chipta olish va stadionga kirish o‘ta mashaqqat ekanini aytishadi. Lekin o‘zbekistonlik fanatlar ushbu qiyinchiliklarni yengib jamoasini faol qo‘llab-quvvatlashning uddasidan chiqishmoqda.

"Hattoki Arab amirliklari bilan o‘ynaganimizda, amirliklarning ishqibozlari 100-150 ta edi, lekin biz bor yo‘g‘i o‘n kishi edik. Televizorda ham aytishdi, internetda ham bular 10 kishi bo‘lib, 150 kishilik amirliklarning ovozini bosib qo‘yishdi, deya yozishayapti", deydi fan klub rahbari.

"O‘zbekiston futboli" gazetasi mas‘ul kotibi Oybek Yunusovning aytishicha, O‘zbekistonda muxlislik qilish san‘ati 100 yillik tarixga ega, ammo so‘nggi 3-4 yilda ushbu ishqibozlik madaniyatining yangi to‘lqini boshlandi.

"Muxlislik san‘ati so‘nggi uch-to‘rt yil ichida yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu albatta, "Bunyodkor" klubi bilan bog‘liq. "Bunyodkor" paydo bo‘lganidan beri, futbolning ko‘plab zamonaviy ko‘rinishlari kirib keldi", deydi Oybek Yunusov.

Guanchjoudagi futbolchilarni qo‘llab quvatlayotgan muxlislarning shijoatini ko‘rgan mahalliy jurnalistlar ularga "aqldan ozgan samuraylar" deya laqab qo‘yib olibdi.

- Chunki Samuray, bir o‘zi yoki o‘nta sherigi bilan bo‘lishidan qat‘i nazar hech narsadan qo‘rqmasdan oxirigacha boradi. Ya‘ni bizni aqldan ozgan samuray deyishiga sabab har gal stadionga kelganimizda, bayroqlarimiz va nog‘oralarimizni kirgizmaymiz, deb qarshilik qilishadi. Lekin keyingi gal biz yana olib kelaveramiz. Ya‘ni, ularning gapiga kirmaymiz. Biz o‘zimizning haq yo‘ldaligimizni bilib, o‘zimiznikini o‘tkazmoqchi bo‘lamiz. Va shunday qilmoqdamiz ham. Yaqinda bayroqlarimizni qo‘yishmadi, baribir olib o‘tdik, deydi ishqibozlar klubi raisi Abdurahmon Fozilov.

O‘zbekiston olimpiya termasining navbatdagi o‘yini raqiblarini ayovsiz jazolab kelayotgan Janubiy Koreyaga nisbatan bo‘ladi. O‘ziga xos muxlislik qilish maktabiga ega bu terma jamoa fanatlari va o‘zbekistonlik kam sonli ishqibozlarning maydon chetidagi "jangi" ham o‘ziga xos tomosha bo‘ladi deguvchilar ham bor.