Ravshan Ermatov uchinchi bor "Osiyoning eng zo‘r hakami" deb topildi

O‘zbekistonlik taniqli futbol hakami Ravshan Ermatov Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan ketma-ket uchinchi bor "Yilning eng qoyilmqom" hakami deb topildi.

Ravshan ushbu tanlovda yaponiyalik ko‘zga ko‘ringan hakam Yuichi Nishimura va saudiya arabistonilik Xalil al-Gamdiylarni ortda qoldirib ketdi.

Ravshan Ermatov Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi Jahon chempionatida ham eng zo‘r hakamlardan biri deb topilgandi.

2010 yilgi Jahon chempionatining ilk uchrashuvini ochib berish bilan Ravshan tanimaganga ham o‘zini tanitgan, bir birinchilikning o‘zida besh bellashuvga hakamlik qilish bilan esa, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgan.

Bu kabi shov-shuvli yutuqlari ortidan, Ravshan dunyoning eng yetakchi xorijiy ommaviy-axborot vositalari ham ortidan tushgan "matbuot qahramonlari"dan biriga aylangandi.

Jahon chempionatidagi hakamlik iqtidori bilan Osiyo qit‘asi qolib, butun dunyoni tan oldirgan o‘zbekistonlik hakam "O‘zbekiston Iftixori" nishoni bilan ham taqdirlangandi.

O‘zbekistonda bu kabi faxriy unvonga loyiq deb topilganlarning soni sanoqli ekani nazarda tutilsa, bu Ravshan uchun nihoyatda katta sharafdir.

Ravshan bor-yo‘g‘i 33 yoshida erishgan yutuqlarga esa, dunyoning manaman degan hakamlari havas qilsa arziydi.

Dunyoda 25 yoshidan boshlab xalqaro uchrashuvlarga hakamlik qilishni boshlagan hakamlar juda kam.

Ustiga ustak Ravshan uncha-muncha ham emas, ikki bor yoshlar, so‘ngra Klublar orasidagi va bular ham qolib, yana 2010 yilgi Jahon chempionatining yarim final uchrashuviga ham hakamlik qilgan.

Ketma-ket ikki bor butunboshli Osiyo qit‘asining "Eng zo‘r hakami" deb topilganligini ayting.

Ravshan maydondagi "o‘z o‘rni" bilan dunyoning manaman degan futbolchilari, mutaxassislari va murabbiylarining hurmatlarini qozongan.

Kimga ishqibozlik qilishlaridan qat‘inazar, o‘zining xolis va professional faoliyati bilan esa, dunyodagi har qanday "mukkasidan ketgan" futbol ishqibozining ham ko‘nglini topa olgan.