Wikileaks: Qochqinlar Ruminiyaga uchgan kuni O‘zbekiston "Xonobod"ni yopish talabini qo‘ygan

Wikileaks oshkor etgan AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlangan hujjatlarda "Xonobod" harbiy bazasidan foydalanish borasidagi kelishuv tafsilotlari haqida so‘z boradi.

Oshkor qilingan hujjatlardan biri 2006 yil mart oyida Amerika Kongressi uchun tadqiqot xizmati tomonidan berilgan tahlil.

Tahlil 2005 yili O‘zbekistondagi AQShning "Xonobod" harbiy bazasining yopilishidan so‘nggi vaziyatga nazar tashlaydi.

Tahlilda dastlab O‘zbekiston bilan harbiy baza borasida Vashington erishgan kelishuv tafsilotlari berilgan.

Aytilishicha, bazadan foydalanish evaziga Amerika tomoni xavfsizlik kafolatlari bilan birga O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarini ham nishonga olishni va‘da bergan.

Kelishuv muddati cheksiz, lekin har bir tomon 180 kunlik ogoh berib, kelishuvga chek qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan.

Ushbu hujjatda aytilishicha, 2005 yilga kelib "Xonobod"dan Afg‘onistonga har kuni taxminan 60 kishi va 50 tonna yuk tashilgan.

Bazaning o‘zida 1000 ga yaqin xodim joylashtirilgan va 2001 yildan boshlab, "Xonobod"dan AQSh o‘z harbiylarini olib chib ketgunicha 40 mingga yaqin uchoq uchib-qo‘ngan.

2004-2005 yillarga kelib ikki o‘rtada sovuqlik kuzatila boshlaganidan so‘ng O‘zbekiston tomoni baza uchun shu vaqtgacha to‘lanmay yo ortga surib kelingan to‘lovlarni talab qila boshlagan va 2005 yil may oyida Kongress uchish-qo‘nish yo‘laklarini ta‘mirlash uchun 42 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratishni ma‘qullagan.

Lekin 2005 yil mayida Andijon xunrezligi bois munosabatlarning yanada sovuqlashib ketishi ortidan bu to‘lov ham kechiktirilgan.

Hujjatda aytilishicha, dastlab AQSh ma‘muriyati Andijondagi hodisalar yuzasidan ehtiyotkorona munosabat bildirgan, lekin keyinchalik xalqaro mustaqil tekshiruv o‘tkazish da‘vatlariga qo‘shilgan.

Ana shu va yana bir qator inson huquqlari toptalishi holatlarining tanqid qilingani sabab iyun oyiga borib Islom Karimov hukumati "Xonobod"dan tungi parvozlarni hamda og‘ir yuk uchoqlarining uchib-qo‘nishini taqiqlab qo‘ygan.

2005 yil 28 iyul kuni Andijondan Qirg‘izistonga qochib o‘tgan qochqinlarning Ruminiyaga uchirilishi kuni O‘zbekiston hukumati Toshkentdagi AQSh elchixonasiga bazaning olti oy mobaynida yopilishini talab qilgan maktubni yuborgan.

Shuningdek, keyinchalik Ovro‘po Ittifoqi bir qator o‘zbek rasmiylariga viza berish ta‘qiqini joriy etganidan so‘ng Belgiya, Ispaniya, Gollandiya va Shvetsiyaga ham O‘zbekistondagi bazadan foydalanish taqiqlanishi haqida aytilgan.

AQSh Kongressi tahliliy markaziga ko‘ra, shundan so‘ng 2006 yili yanvar oyida O‘Zbekiston Olmoniyaning ham bazadan foydalanish xukukini bekor qilish bilan po‘pisa qilgan.

Olmoniyadan ko‘proq moliyaviy yordam so‘ralgan. Xujjatda aytilishicha Olmoniya baza uchun yiliga O‘Zbekiston tomonidan 3 million yevro to‘laydi.

2004 yili AQSh mudofaa vazirligi tomonidan chiqarilgan tahlilda aytilishicha, o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov qurolli kuchlarni "g‘arblashtirish"ning qat‘iy tarafdori bo‘lgan.

Lekin O‘zbekistonning Xitoy va Rossiya bilan harbiy aloqalarining yana kengayishi manzaraisda bu rejalar amaliy shakl olmagan.

Kongressga taqdim qilingan hujjatda aytilishicha, O‘zbekistondagi hodisalar AQSh hukumatining terrorizmga qarshi kurash va demokratlashtirish siyosatlarini birgalikda olib borish yo‘lida katta muammo tug‘dirgan.

2005 yil avgust oyida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Nikolas Berns Amerika inson huquqlari tomonida qat‘iy turishini bayon qilgan.

Lekin tahlilchilar Amerika ma‘muriyati uchun O‘zbekiston talabi bir qadar kutilmagan bo‘lganligini ta‘kidlaganlar.

O‘Zbekiston harbiy bazani yopibgina qolmay, terrorizmga qarshi kurashning boshqa turlari va boshqa sohalarda ham hamkorliklarni qisqartira boshlagan.

Amerika Mudofaa vazirligiga ko‘ra, "Xonobod"dagi bazaning yopilishi ba‘zi amaliy muammolarni keltirib chiqargan bo‘lsa ham, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar va umuman global miqyosda terrorizmga qarshi kurashga katta ta‘sir ko‘rsatmagan.

Wikileaks keltirgan yana bir hujjat AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jon Purnellning elchilik muddati tugashi oldidan yozgan maktubi.

Janob Purnelga ko‘ra, O‘zbekiston siyosiy va iqtisodiy hayotni monopoliyalashtirib olgan unchalik katta bo‘lmagan oilalar guruhining manfaati uchun faoliyat yuritadigan postsovet politsiya davlatidir.

"Prezident atrofidagi yaqin doiraga mansublik ilgarigidek iqtidordagi partiya mafkurasiga emas, balki Islom Karimovning o‘ziga sadoqatlilik bilan erishiladi. U (Karimov) shu yilning oxirida Konstitutsiyada yozilgan narsalarga qaramay, navbatdagi muddatga yana saylanadi. O‘zining rasmiy va xususiy bayonotlariga zid ravishda, Karimov har qanday islohotlarning amalga oshirilishidan manfaatdor emas. U faqat O‘zbekistonning qat‘iy byurokratik iqtisodiy va siyosiy boshqaruvidan manfaatdor, xolos". deb yozgan Jon Purnel.