O‘zbekistonda bir yilda bir marta quloqlar rohat oladigan kun yoki...

Assalomu alaykum Bi-bi-si muxbirlari!

Men bugun O‘zbekiston konstitutsiyasining 18 yilligi nishonlanayotgan kunda sizlarga xat yozishdan maqsad shu mamlakatimizning bosh qomusida belgilangan haq-huquqlardan biz qanday foydalanayotganimiz haqida. Mana sizlar kecha O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" degan tashkilot o‘tkazgan so‘rovdan olingan raqamlarni efirga berdinglar. Aholining 95 foizdan ortiqrog‘i o‘zlarining bosh qonundagi huquq va erkinliklaridan amalda bahramand bo‘layotgan ekan, dedinglar.

Gapning ochig‘ini aytsam, O‘zbekistonda hech kim bu tashkilotning ishiga, gapirgan gapiga ishonmaydi. Qani bittasi aytsin-chi, kim so‘rov yozilgan varaqaga yurak yutib, o‘zining noroziligini yoza oladi? Yozsa, o‘sha kuniyoq ishdan, ishsiz bo‘lsa mahallasidan quviladi. Shunaqa ekan, bu tashkilot o‘tkazgan so‘rovga odamlar dilidagini emas, tilidagini aytadi, xolos.

Kecha televizorda prezident so‘zlagan nutqni ko‘rsatishdi. Mana, prezident biz ayollar haqida qanday jo‘shib gapirdi. "Bizga elektr berayotgan mana bu nur kerak emas, ayollar berayotgan nur ham yetadi," deb aytdi. Lekin muhtaram prezidentimiz o‘zbek ayollarining bag‘ri-dili qamalib yotgan, ishsiz, umidsiz, begona yurtlarda mardikorlik qilib yurgan, yillab o‘likmi-tirikmi xabari bo‘lmagan farzandlari dog‘ida allaqachon nur taratmay qo‘yganidan xabarlari bormikin?

Prezidentimiz ayollarga, ayniqsa, yosh onalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, sarflanayotgan millionlab pullar haqida gapirdi. Biroq cho‘ntagiga pul qistirmasangiz, nigohini ham ko‘tarmaydigan do‘xtirlar, ayollarning majburan yoki o‘ziga aytmasdan bichib, umuman farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘yayotganlaridan xabari bormikin?

Biz kamu ko‘stsiz farovon hayotni faqat o‘zbek kanallarida ko‘rishga, biz uchun yaratilgan dunyoda eng oldi sharoitlarni bir yilda bir marta Konstitutsiya kuni prezident og‘zidan eshitishga ko‘nikib bo‘ldik. Konstitutsiya kuni biz uchun bir yilda bir marta o‘zimizda yo‘q narsalarni bor deb tasavvur qilish, ayni paytda ichimizda yig‘ilib qolgan alamlarni yaqin bir kimimizga to‘kib solish kuni bo‘lib qoldi.

Lekin bu gal men o‘zimni qiynagan savollarni sizlar bilan baham ko‘rishga ahd qildim. Avvallari prezidentning nutqini, jon kuydirib gapirgan gaplarini eshitib, bu qadar samimiy g‘amxo‘rlikdan ba‘zan ko‘zimga yosh ham kelardi. Lekin kecha quruq istehzodan boshqa narsa yo‘q edi. Nega?

Konstitutsiyamizda fuqarolar mamlakat hududida erkin va xohlagan joyida yashashi mumkin deb qo‘yibdi. Lekin viloyatliklar uchun poytaxt Toshkentga kelish qanchalik boshog‘riq ekanini bilasizmi. Shu kunlarda odamlarni uyma-uy tekshirib, doimiy ro‘yxati yo‘qlarni quvg‘in qilmoqda.

Konstitutsiyamizda o‘qish va bilim olish uchun barchaga teng sharoit ko‘zda tutilgan. U holda prezidentning har yili qancha bola o‘qishga kirishi haqida farmon chiqarishi-chi? Axir bu farmonda belgilanganidan tashqari bitta ham bola o‘qishga kiritilmasin degani-ku!?

Dugonam oliygohlardan birida dars beradi. O‘zbekistonda yoshlar soni ko‘p, lekin boshqa mamlakatlarga qaraganda o‘quv yurtlari ancha kam bo‘lgani uchun har bitta o‘rin uchun mislsiz kurash ketadi. Oxir-oqibatda tanishi va puli ko‘plari yutib chiqadi. Kirish testlaridagi ballar sun‘iy ravishda oshib ketganki, agar bu ballarga ishonilsa, o‘zbek talabalari dunyodagi eng aqllilar sirasiga kiradi. Talab shu darajada yuqori ekan, oliygohlar kengaytirilsin, xususiylari ochilsin. Farzandlarimiz Rossiyaga borib, ko‘cha supurgandan ko‘ra, injener, texnik va yo doktor bo‘lib ishlagani yaxshi-ku.

O‘zbekistonning yerosti boyliklari bilan tinimsiz maqtanamiz, konstitutsiyada ham bu umummilliy boylik ekani aytilgan. Biroq qancha oltin, neft va gaz qazib olingani va qancha sotilgani biror marta xalqqa aytilmagan.

Katta muammolarni aytib nima qilaman, eng kichigi bo‘lgan plastik maoshlar-chi? Maoshimizni majburan plastikka o‘tkazish qaysi qonunda belgilangan. Naqd pul kerak bo‘lsa, birovlarga yalinib-yolvorib, kamida 10 foiz qoldirib pul qilib olamiz. Viloyatlarda plastikdagi pulni naqdiga aylantirish uchun 20 foiz haq berilar ekan. Plastikka 200 ming so‘m maosh oladigan o‘qituvchi qarindoshim uni naqd pulga aylantirish uchun 40 ming so‘mini kimgadir qoldirar ekan, yo‘qsa do‘kondan po‘panak bosgan makaron va mita tushgan guruchni bozor narxida olishga majbur bo‘ladi. G‘irt qaroqchilik emasmi bu?

Prezidentimiz O‘zbekiston konstitutsiyasiga butun jahon hamjamiyati havas bilan qarashi, ko‘plarga o‘rnak bo‘lishi haqida gapirdi. Lekin oddiy odamlarga kelganda bu qonun ish bermasa, uning dunyoga dong‘i ketganidan ne naf?

Albatta, qonunlarda belgilangan huquqlarni talab qilishimiz kerak, lekin bugungi O‘zbekiston sharoitida bunga kimning yuragi betlaydi. Sizni sumkangiz katta bo‘lgani uchun yoki viloyatdan kelganingiz uchungina to‘xtatgan militsionerga konstitutsiyada belgilangan huquqingizni eslatsangiz ustingizdan kuladi. Kamiga bor-budingizni shilib, Panelniyga (Qo‘yliqdagi shaxsi noma‘lum kishilarni vaqtinchalik ushlab turish hibsxonasi) tiqib qo‘yadi. Bu gaplarni havodan olib emas, uyimda ishlagan suvoqchi ustalar hayotidan olib aytyapman. Ularning o‘z vatanida turib "hatto Rossiyada bu yerdagidan ko‘ra ishlash osonroq" degan gaplari yodimda turibdi.

Kelasi yil "Kichik biznes va tadbirkorlik" yili deb e‘lon qilindi. Avvalgi yillar tajribasidan kelib aytish mumkinki, amaldorlarning kafti qichiy boshladi bugundan, pul keladi-da ularga. Tadbirkorman degani davlat solig‘idan tashqari boshqa "soliqlarni" ham to‘lashi kerak-da.

Konstitutsiya kuni rasmiylar tomonidan berilgan navbatdagi dam olish kunlaridan biriga o‘xshaydi, xolos. Lekin boshqacha bo‘lishini chin dildan istardik. Bu kun bir yilda bir marta faqat quloqlar rohat oladigan o‘tkinchi bir kun bo‘lib qolmasligini chin dildan xohlardik.

Hurmat bilan o‘zbekistonlik muxlisangiz.