Islom Karimov: 'O‘z xizmat vazifasini suiiste‘mol etishga chek qo‘yishning vaqti yetdi'

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning aytishicha, mamlakatda korruptsiya, tovlamachilik va o‘z xizmat vazifasini suiiste‘mol etishga chek qo‘yishning vaqti yetgan.

Prezident Islom Karimov bu haqda kecha, 7 dekabr kuni Konstitutsiya kunini nishonlash marosimi chog‘ida qilgan nutqida bayon qilgan.

Janob Karimovga ko‘ra, "Korruptsiya, poraxo‘rlik, tovlamachilik va o‘z xizmat vazifasini suiiste‘mol etish kabi hollar ko‘plab mintaqa va tumanlarda yuz berayotganini hech kim rad etolmaydi. Va qonunga zid bu kabi holatlarga barham berishning payti yetgan".

Korruptsiyaga qarshi kurash olib boruvchi Transparency International xalqaro tashkilotining shu yil oktyabr oyida e‘lon qilgan so‘nggi yillik hisobotida O‘zbekiston 178 mamlakat orasidan 172-o‘rinni egallagandi.

Bu korruptsiya darajasi O‘zbekistonda eng yuqorilaridan deganidir. Ya‘ni, misol tariqasida taqqoslaganda, O‘zbekistondagi korruptsiya darajasi qurolli nizolar kechgan va kechayotgan Iroq yoki Afg‘onistonga o‘xshagan mamlakatlardan sal yaxshiroq ekani ayon bo‘ladi.

Transparency International tashkilotining ko‘rsatkichi u yoki bu mamlakat haqida biznesmenlar hamda mamlakatdagi vaziyatni yaxshi biladigan ekspertlar bergan baholariga tayanadi.

Xalqaro tashkilot xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston juda korruptsiyalashgan mamlakat, ammo respublika rahbariyati bu illatning oldini olish yoxud unga qarshi kurashish uchun hech narsa qilmayapti.

O‘zbekiston rahbari esa, o‘z o‘rnida, mahalliy mulozimlar tomonidan o‘z biznesini ochishga harakat qilayotgan xususiy tadbirkorlarga har xil to‘sqinliklar bo‘layotganini ham aytgan.

Ammo janob Karimovga ko‘ra, davlat tashkilotlarining "xususiy tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvi"ning oldini olish uchun O‘zbekistonda katta ishlar olib borilgan.

O‘z o‘rnida O‘zbekiston prezidenti 2011 yilni "Kichik biznes va tadbirkorlik yili" deb e‘lon qilgan.

Biz O‘zbekistondan mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov bilan bog‘lanib, bugun amaliy hayotda korruptsiya qanchalik ildiz otgani bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди