O‘zbekistonda Osiyo O‘yinlari g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlandi

Toshkentning Olimpiya sharafi muzeyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosim chog‘ida yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan 16-Osiyo O‘yinlari g‘oliblari katta miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanishgan.

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning farmoniga muvofiq, o‘yinlarning oltin medali sohiblariga 5.000 AQSh dollari, kumush medali sohiblariga 3.000 AQSh dollari va bronza medali sohiblariga 2.000 AQSh dollari miqdorida naqd pul berilgan.

Bunday mukofotga o‘zbekistonlik 100 ga yaqin sportchilar loyiq deb topilishgan.

16-Osiyo O‘yinlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari uchun g‘oliblarni yana turli sport federatsiyalarining sovg‘alari ham kutayotgani aytiladi.

Shu yilning 12-27 noyabr kunlari Xitoyning Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Osiyo O‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza medali olib, umumiy jamoa hisobidagi medallari soni bilan Osiyoning eng kuchli yuqori o‘nligiga kirishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘zbekistonlik sportchilar, ayniqsa, yakka sport turlari bo‘yicha o‘zlarini yaxshigina ko‘rsatishgandi.

Rishod Sobirov(dzyudo), Dilshod Mansurov, Artur Taymazov(erkin kurash), Elshod Rasulov(boks), Rustam Qosimjonov(shaxmat), Vladimir To‘ychiyev(velosport), Yuliya Tarasova, Svetlana Radzivil(engil atletika), Vadim Menьkov(kanoeda eshkak eshish), Sergey Borzov, Aleksey Bobojonov, Aleksey Mochalov va Vyacheslav Gorn(baydarka)lar 16-Osiyo O‘yinlarining oltin medalini olishga muvaffaq bo‘ligandi.

Biroq doping sinovidan o‘tolmay, Osiyo O‘yinlaridan chetlatilgan ikki sportchi ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi a‘zolari bo‘lishgandi.

Xalqaro tadbirda O‘zbekistonni ikki yuzdan ortiq sportchilar namoyon etishgandi.

O‘zbekistonlik sportchilar 29 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borishgandi.

Dohada bo‘lib o‘tgan 2006 yilgi Osiyo O‘yinlarida esa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ja‘mi 39 ta medal olib, medallar ro‘yxatida 7- o‘rinni egallagandi.

16-Osiyo O‘yinlarida Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Qozog‘iston eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan va o‘yinlar yakuniga kelib, 79 ta medal bilan medallar ro‘yxatida yuqori beshlikka kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Medallarning eng ko‘pi mezbon Xitoy sportchilariga nasib etgan, o‘yinlar yakuniga kelib, ular 400 tadan ortiq medallarni qo‘lga kiritishgandi.

Osiyo O‘yinlari dunyoda Yozgi Olimpiada O‘yinlaridan keyin ikkinchi yirik xalqaro bellashuv sifatida ko‘riladi.