O‘zbekistonda televideniye rahbariyati iste‘fosini talab qilgan jurnalistlar ishdan haydaldi

Yaqinda O‘zbekiston televideniyesida iqtisodiy jinoyatlar va tsenzuraga chek qo‘yilishini talab qilib piket uyushtirgan "Yoshlar" kanalining ikki jurnalisti Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova ishdan haydalgan.

Ularning Bi-bi-si bilan suhbatlarida aytishlaricha, bugun O‘zbekiston teleradiokompaniyasining kengaytirilgan hay‘ati majlisida bu kabi qarorga kelingan.

Jurnalistlar noqonuniy piket uyushtirish, O‘zbekiston televideniyesi rahbariyatiga tuhmat qilish va va o‘zlari ishlayotgan tashkilot nomiga dog‘ tushirishda ayblanishgan.

6 dekabr kungi piket qisqa muddat mobaynida o‘tkazilgan bo‘lsa ham jurnalistlar ushbu chiqishni o‘zlarining muvaffaqiyatlari sifatida ko‘rishgandi.

Ikkovlon avgust oyi oxirlarida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi tsenzura va mahalliychilik holatlarini keskin tanqid qilib chiqishgandi.

Ular Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati idorasida xorijiy jurnalist va diplomatlar uchun matbuot anjumani o‘tkazib, televideniye rahbariyati orasida davlat mablag‘larini noqonuniy ravishda o‘zlashtirish hollari keng tarqalganini da‘vo ham qilishgandi.

Jurnalistlar mazkur holatlar ko‘lami so‘nggi paytlarda tobora kengayib borayotganini aytishgandi.

Mazkur tanqidlar ortidan Saodat Amonova u va o‘zining hamkasbiga nisbatan "tazyiq, ta‘qib va tahdidlar" kuchayganini ham bildirgandi.

Jurnalistlar televideniyedagi qonunbuzarliklar yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov nomiga yo‘llagan ochiq nomalari hozirga qadar javobsiz qolayotganini aytib kelishayotgandi.

Ikkovlon endi prezident Islom Karimov bilan uchrashuvni talab etib, Prezidentlik saroyi qarshisida ochlik e‘lon qilishlarini ham aytishmoqda.

Bi-bi-si bilan suhbatda ular so‘nggi xabar tafsilotlarini mana bunday izohlashdi:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди