Andijonda 'Shohidiylar" diniy guruhi a‘zolari hukm etilishdi

Andijondan kelayotgan xabarlarda aytilishicha, "Shohidiylar" diniy guruhining 25 nafar a‘zosi turli muddatga qamoq jazolariga hukm etilishgan.

Ayblanuvchilar ustidan sentyabr oyida boshlangani aytilgan mahkama jarayoni uch oy davom etgan.

Yaqinda e‘lon qilingan mahkama hukmiga binoan 25 nafar sudlanuvchidan 19 tasi uch yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishgan. Qolganlariga esa, ikki yildan olti yilgacha shartli qamoq jazolari belgilangan.

Xabarlarga ko‘ra, ayblanuvchilar asosan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-moddasi bo‘yicha, "Diniy, ekstremistik, bo‘lginchilik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan guruhlarni tashkil etish, ularga rahbarlik qilish yoki faoliyatida ishtirok etish"da ayblangan bo‘lishlari mumkin.

Ammo sudlanuvchilardan hech birining o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lmaganliklari aytiladi.

"Shohidiylar" diniy guruhiga oid ma‘lumotlar nihoyatda kam.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, faoliyati taqiqlangan "Shoxidiylar" diniy guruhiga o‘tgan asrning 50-yillarida asos solingan.

Diniy guruh a‘zolarining ja‘mi soni 100 taga yetib-etmasligi ham aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, "Shohidiylar"ning Andijondagi tarmog‘i imom Habibullo Karimov tomonidan tashkil etilgan.

Uning o‘limi ortidan esa, guruhga uning birodari Nasibullo Karimov boshchilik qilgan.

So‘nggi mahkama jarayonida Nasibullo Karimovning ham 9 yillik qamoq jazosiga hukm etilgani aytiladi.

O‘zbekistonda shu paytgacha ko‘plab insonlarning "Hizbut-tahrir", "Vahhobiylik", "Akromiya yoki "Nurchilar" degan diniy oqimlariga a‘zolikda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganliklari xabar berilgan.

Biz Andijondagi so‘nggi mahkama jarayoni tafsilotlarini bilish uchun taniqli mahalliy inson huquqlari faoli Saidjahon Zaynobitdinovni suhbatga tortdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди