Wikileaks prezident Karimov, Gulnora Karimova va O‘zbekistondagi korruptsiya darajasi haqida...

Wikileaks e‘lon qilgan maxfiy diplomatik yozishmalarda O‘zbekiston gullab-yashnayotgan korruptsiya, uyushgan jinoyatchilik, paxta dalalarida bolalarning majburiy mehnati va qiynoqlarning qo‘rqinchli dunyosi sifatida tasvirlanadi.

Biroq yozishmalarga ko‘ra, Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan Shimoliy Ta‘minot tizimidan foydalanishga izn berayotgani uchun AQSh O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovdan shirin so‘zini ayamaslikka harakat qilib keladi.

Veb sahifa tomonidan oshkor qilingan aksariyat maxfiy hujjatlarda prezident Islom Karimovning jozibali, ammo shaxsi o‘ta ziddiyatli bo‘lgan qizi Gulnora Karimovaning xulq-atvori haqida so‘z boradi.

Bu haqdagi hujjatlar Britaniyada chop etiluvchi "Gardian" gazetida "Prezident, "hamma nafratlangan qizi" va AQSh nega ulardan shirin so‘zini ayamaydi," nomli maqola ostida chop etilgan.

Hujjatlarda, "Gulnora Karimova O‘zbekistonda hamma eng ko‘p nafratlanadigan shaxs," deya tasvirlanadi.

Shuningdek, Gulnora Karimova O‘zbekistondagi har qanday daromadli biznesdan do‘q-po‘pisa yo‘li bilan o‘z ulushiga ega bo‘lgani aytiladi va prezidentning kizi "o‘g‘ri baron" sifatida tasvirlanadi.

Diplomatlar tomonidan, "O‘zbekistonning birinchi raqamli qizi" deb ta‘riflangan Gulnora Karimova AQSh elchiligining e‘tiboriga 2004 yilda tushgan.

O‘tgan besh yilgi hujjatlarda Gulnora Karimovaning mahalliy bizneslarga ular rad etolmaydigan takliflar bilan chiqib, favqulodda ko‘tarilishi aks etadi.

Amerikalik biznesmenlardan birining da‘vo qilishicha, Gulnoraning Skytell uyali telefon shirkati ulushini olish taklifini rad etgani uchun, shirkatning to‘lqinlariga davlat tashkilotlari tomonidan g‘ov qo‘yilgan".

AQSh elchiligiga ko‘ra, Gulnora "mahalliy mafiya bosslari" bilan til biriktirib, "Zeromaks"ning neftь xom-ashyosiga oid shartnomalaridan o‘z ulushiga ega bo‘lgan.

Amerikalik diplomatlarning yezishlaricha, u soliq to‘lovi bilan bog‘liq tekshiruvlar ortidan "Koka-Kola" shirkatining hissalarini ham qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

"O‘zbekistondagi ko‘pchilik Gulnora Karimovani ochko‘z, hokimiyatga tashna, biznesmenlar yoki yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan har qanday kishini otasining qudrati bilan yanchib tashlovchi inson sifatida ko‘rishadi," deyiladi maxfiy diplomatik yozishmalarda.

"Zeromaks" shirkatining faoliyatida yaqindan ishtiroki bo‘lgan amerikalik biznesmen Neyl Livingston esa, Wikileaks oshkor etgan yozishmalarni chop etgan "Gardian" gazetiga Gulnora Karimovaning shirkatda hech qanday manfaatlari yo‘qligini aytgan.

"Gardian"ga ko‘ra, Gulnora Karimovaning o‘zi shaxsiy veb sahifasi, London va Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonalariga izoh so‘rab qilgan murojaatlariga javob bermagan. Ammo "Zeromaks" shirkati o‘ziga qisman yoki butunlay tegishli ekaniga oid xabarlarni rad etib kelgani aytiladi.

Hujjatlarda yozilishicha esa, otasi tomonidan berilgan diplomatik mavqeidan foydalanib, Gulnora Karimova asosiy vaqtini o‘zining "Zeromaks" shirkati ro‘yxatdan o‘tgan Jenevada yoki Ispaniyada o‘tkazadi.

Diplomatlar Gulnora Karimovaning biznes faoliyatidan tashqari, shaxsiy hayotiga oid ma‘lumotlarni ham yig‘ishgan.

Ularda Gulnora Karimovaning pop-qo‘shiqchilik bilan ham shug‘ullanishi, zargarlik qilishi va Toshkentdagi Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetining professori ekani ham aytiladi.

Hujjatlarda, shuningdek, Gulnora Karimovaning tong-sahar soat 3 larda singlisi Lola bilan to‘rtta zabardast tan qo‘riqchisi hamrohligida o‘zi egalik qilishi aytiluvchi tungi klubda paydo bo‘lgani yoziladi.

Amerika diplomatlarining tasvirlashlaricha, Gulnora tong-sahargacha "ko‘rinishidan banditga o‘xshagan yigiti" bilan raqsga tushgan.

Diplomatlarga ko‘ra, "qonunga zid bo‘lsa-da, Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan tungi klubda mijozlarga katta miqdordagi kuchli spirtli ichimliklar ham tortilgan".

Amerikaning maxfiy diplomatik yozishmalarida, shuningdek, G‘arbning O‘zbekistonga nisbatan bir xil bo‘lmagan munosabati sababi ham izohlangandek bo‘ladi.

Oshkor etilgan hujjatlarda AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton o‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Mu‘tabar Tojiboyevani qamoqxonadan chiqishi ortidan "Jasorati uchun" mukofoti bilan taqdirlaganda, prezident Islom Karimovning qanchalik g‘azabga kelgani haqida ham so‘z boradi.

"Prezident Karimovning "Afg‘onistonga ta‘minot tizimi doxil qator muhim masalalar hozirning o‘zidayoq muzokaralar stolida" ekaniga oid sovuqdan-sovuq so‘zlari AQSh elchiligini hushyor torttirdi, deyiladi yozishmalarda.

Oshkor etilgan hujjatlarga ko‘ra, Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi Richard Norland shaxsan o‘zi prezident Islom Karimovni tinchlantirganini da‘vo qilgan. Biroq, "unga bosim o‘tkazish o‘zlariga ta‘minot yo‘liga tushishi mumkinligi bilan rasmiy Vashingtonni ogohlantirgan".

AQSh elchiligi yozishmalariga ko‘ra, "uyushgan jinoyatchilik va O‘zbekiston hukumati orasida yaqindan bog‘liqlik bor".

Davlat va xususiy sektordagi lavozimlar "sotib olinadi", deyiladi Amerika tomonining maxfiy diplomatik hujjatlarida.