Taniqli tarixchi olim, professor Fayzulla Ishoqov olamdan o‘tdi

 Fayzulla Ishoqov
Image caption Fayzulla Ishoqov O‘zbekistonning eng hurfikrli ziyolilaridan biri edi

O‘zbekistonda taniqli tarixchi olim, professor Fayzulla Ishoqov 74 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Yaqinlariga ko‘ra, olim keyingi 10 kun yurak xastaligi bilan Toshkentdagi shifoxonalardan birida yotgan bo‘lgan va 29 dekabr kuni kechki soat 16:00larda olamdan o‘tgan.

Uning ertaga Qozog‘istonning Jambul viloyatida dafn etilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning eng hurfikrli ziyolilaridan biri bo‘lgan Fayzulla Ishoqov 1936 yilning 16 dekabrida Farg‘ona viloyatining Quva tumanida tavallud topgandi.

Quvadagi rus maktabining 7 sinfini bitirib, Samarqanddagi temiryo‘l texnikumida tahsil olgan.

Toshkentdagi Temiryo‘l institutining 1-kursini bitirganidan so‘ng, moddiy qiyinchiliklar sabab o‘qishni tashlab, temiryo‘lda ishlashni boshlagan.

1961 yilda Frunze (hozirgi Bishkek) davlat universitetining tarix fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgan.

1 va 2-kurslarni bir yilda bitirib, olti yillik o‘qishni besh yilda tamomlagan.

Shundan keyin Qozog‘istonning hozirgi Taras shahridagi "Bilim" jamiyatida 2 yil faoliyat olib borganidan so‘ng, Toshkentga ko‘chib keladi.

1975 yilda tarix fani bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasi, 1987 yilda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

Bu vaqt oralig‘ida sho‘ro davrida matbuotdagi tsenzura uchun mas‘ul "Glavlit" va Davlat Matbuot Qo‘mitasida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston radiosining Xorijiy eshittirishlar muharrririyatida bosh muharrir lavozimlarida ishlagan.

Ayni paytda Toshkent Irrigatsiya va Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislik instituti hamda Toshkent Oliy partiya maktabida dars bergan.

1964 yilda Kommunistik partiyaga a‘zo bo‘lgan.

1991 yil mayida, Sovet Ittifoqi qulashi arafasida Kompartiyadan chiqadi.

1991 yildan 1996 yil oxirigacha O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining tarix institutida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

1997 yildan buyon nafaqada edi.

1991 yilning 7 dekabrida tuzilgan "O‘zbekistonda Demokratik islohotlar harakati"ga raislik qilgan.

1992 yil bahorida maslakdoshlari bilan ayni harakat negizida "Ijtimoiy taraqqiyot" partiyasini tuzish harakatlarini boshlaydi.

1992 yilning 14 aprelida Prezident Islom Karimov bilan bo‘lgan uchrashuv chog‘ida, o‘zining aytishicha, Prezidentning siyosiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimini egallash haqidagi taklifini rad etadi.

1992 yilning iyunida turli to‘siqlarga qaramay, "Ijtimoiy taraqqiyot" partiyasining Ta‘sis qurultoyi bo‘lib o‘tadi, ammo Adliya vazirligi ayni dastur va ramz bilan boshqa bir partiya-"Vatan Taraqqiyoti" tashkil etilgani vajidan "Ijtimoiy Taraqqiyot" partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etadi.

Ammo Fayzulla Ishoqov raisi bo‘lgan "O‘zbekistonda Demokratik islohotlar harakati" 1992 yilning oxirigacha amal qilgan.

Bir vaqtning o‘zida Fayzulla Ishoqov SSSRning sobiq Tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze hamda Sankt-Peterburg meri Anatoliy Sobchak singari bir qator siyosatchilar a‘zosi bo‘lgan Rossiyadagi "Demokratik islohotlar xalqaro harakati"ning raisdoshi etib saylanadi.

Ushbu harakat 1994 yilgacha faoliyat olib borgan.

Fayzulla Ishoqov Markaziy Osiyo tarixiga doir 600 dan ortiq maqolalar, beshta monografiya va 30 ga yaqin risolalar muallifi edi.

Uning so‘nggi "Tsentralьnaya Aziya i Rossiya v XVIII-nach. XX vv" nomli kitobi 2009 yilda Toshkentda nashrdan chiqqan.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati olimning oila a‘zolari va yaqinlariga ta‘ziya bildiradi.