O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol qirg‘izistonlik ziyolilarga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol Qirg‘iziston ziyolariga murojaat qilib, o‘tgan iyun oyida mamlakat janubida o‘z bergan milliy zo‘ravonliklarga befarq qaramaslikka chaqirgan.

Shoirga ko‘ra, O‘sh va Jalolobodda kechgan hodisalar - odamlarning tiriklay yoqib yuborilgani, keksalar, bolalar va ayollarning ayovsiz o‘ldirilgani hamda qiz-juvonlarning jinsiy zo‘rlangani kabi dahshatli hollari o‘zbekistonliklarni o‘ta qayg‘uga solgan.

O‘sh va Jalolobod viloyatlarida qirg‘iz va o‘zbek jamoalari o‘rtasida yuz bergan etnik to‘qnashuvlarda yuzlab insonlar halok bo‘lgan va minglab uy-joylar vayron etilgan edi.

Ikkala millatdan ham qurbonlar bo‘lgan, biroq ko‘plab xalqaro kuzatuvchilarning ishonishicha, qurbonlarning aksari o‘zbeklardir.

O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamolning murojaati hodisalar ortidan hibsga olishlar, qiynoqlar va adolatsiz mahkamalar kuchaygani xabar qilinayotgan bir paytda yangramoqda.

U Qirg‘iziston janubida kechgan xunrezliklar va undan keyin yuz berayotgan hodisalar yuzasidan qirg‘izistonlik madaniyat arboblarini ogohlikka chaqirayotgan ilk o‘zbekistonlik ziyolidir.

Bundan oldin bir guruh o‘zbekistonlik ziyolilar BMT, Ovro‘pada Xavfsizlik va Hamkorlik va boshqa tashkilotlardan Jalolobod, O‘sh, Suzoq qamoqxonalarida "azob chekayotgan" Usmonjon Ablazov, Ulug‘bek Abdusalomov va boshqa o‘nlab qirg‘izistonlik o‘zbeklarning ozod etilishini Qirg‘iziston hukumatidan talab qilishni so‘rashgandi.

O‘zbekiston Qirg‘iziston janubidagi bir necha kunlik milliy nizolardan qochib o‘tgan yuz mingga yaqin qirg‘izistonlik o‘zbek qochqinlarini muvaqqat boshpana bilan ta‘minlagan.

Ammo, Qirg‘izistondagi voqealar butun jahon matbuoti diqqat markazida bo‘lib turgan bir paytda qo‘shni O‘zbekistonda matbuot ushbu milliy nizolar haqida sukut saqlagani xabar qilingandi.