O‘zbekiston huquq himoyachilari alьyansi yana bir faoli do‘pposlab ketildi

Elena Urlayeva
Image caption Yelena Urlayevaning o‘ziga ham bir necha bor hujum qilingan

Chirchiq shahrida faol Yelena Yo‘lchiyevaga ko‘chada noma‘lum kishilar hujum qilib, uni kaltaklashgan va qo‘lidagi buyumlarini o‘g‘irlab ketishgan. O‘zbekiston huquq himoyachilari alьyansi ushbu hujum ham o‘zbekiston xavfsizlik kuchlari tomonidan yollanganlarning ishi ekaniga ishonadi. Biz Yelena Yo‘lchiyeva kim ekani va unga qanday hujum qilingani xaqida alьyans faoli Yelena Urlayevadan so‘radik.

Yelena Urlayeva: Yelena Yo‘lchiyeva hali dekabr oyidagina inson xuquqlari alyansimizga qo‘shildi. U tashkilotimizga qo‘shilish orqali o‘z o‘g‘li Ravshan Yo‘lchiyevning himoyasini davom ettirish istagi borligini bildirdi. Ravshanni 1 yil avval - 2009 yilning dekabrida Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani militsiyasida 12 xodimi qiynoqlarga tutgan. U hozir ham qiynoqlar alomatlari bilan qamoqda og‘ir ahvolda kasal yotibdi. Uning onasi Yelena Yo‘lchiyeva qiynoqlarga tutilgan yigitlarning onalari dekabrda birgalikda yozgan maktubga imzo chekkan. Bu maktub xalqaro xamjamiyatga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda onalar o‘z o‘g‘illari adolatsiz ravishda uzoq yillarga qamalgani va qiynoqlarga tutilganini tasvirlashgan. Biz bu onalar bilan yanvar o‘rtalarida norozilik namoyishini o‘tkazishni rejalayapmiz.

Bi-bi-si: Yelena Yo‘lchiyevaga qanday xujum qilingan?

Yelena Urlayeva: Yelena Yo‘lchiyeva menga tungi soat ikkida qo‘ng‘iroq qildi va: "Ikki soat avval no‘malum kishilar menga hujum qilishdi, boshimga urib, sumkamni tortib olishdi", dedi. Sumkasida u ishlaydigan do‘kon va o‘z xonadoni kalitlari bo‘lgan. Biz darhol Chirchiq militsiyasiga qo‘ng‘iroq qildik, ammo militsiya hech qanday chora ko‘rmadi, hech kim kelmadi. So‘ng, Yelenaning oilasi tibbiy yordamni chaqirgan, ular kelib ayol kasalxonaga yotqizilishi kerakligini aytishdi. Biroq Yelena o‘g‘lini borib ko‘rish vaqti kelgani va himoyani davom ettirishni istashini aytib, kasalxonaga yotishdan bosh tortdi.

Bi-bi-si: Demak, militsiya tomonidan chora ko‘rilmagani tufayli, siz bu hujum Yelena Yo‘lchiyevaning huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatiga bog‘liq degan fikrdasiz, shundaymi?

Yelena Urlayeva: Ha. Undan tashqari bu ishlar ko‘p nashrlarda yoritildi, Yelena O‘zbekistondagi Hyuman Rayts Votch tashkiloti vakili bilan ham uchrashgandi. Biz tayyorlayotgan qiynoqlarlar borasidagi hisobotda ham Yelena Yo‘lchiyevaning o‘g‘li ishi yoritilgan. Shuning uchun, menimcha, hukumat Yelena Yo‘lchiyevaning iziga tushgan va ana shunday bosim usulini qo‘llayapti.

Bi-bi-si: Bir oy avval sizning Angrendagi faolingiz Dmitriy Tixonovga ham hujum uyushtirilgandi. U bir necha bor ichki ishlar boshqarmasi xodimlarini mahkamaga tortishga uringan, ammo arizasi qabul qilinmagan. Uning ishi nima bo‘ldi?

Yelena Urlayeva: Men bu hujum ortidan Dmitriy Tixonovni militsiyaga murojaat qilishga undadim, ammo uni militsiyaga hujum qilgani va bezorilikda ayblashganidan so‘ng murojaat qilib o‘tirmadi. Lekin, bugun ma‘lum bo‘ldiki, 7 yanvarda Dmitriy Tixonovning Ichki Ishlar Vazirligiga qarshi bergan arizasi sudda ko‘rib chiqiladi. Bu ariza Dmitriyga OVIR tomonidan berilmayotgan xorijga chiqish vizasi borasida bo‘ladi va biz bu mahkama ishiga tayyorlanayapmiz. Dmitriyga qilingan hujum ham u ishtirok etgan norozilik namoyishlari va uning himoyachi sifatidagi murojaatnomalari bilan bog‘liq deb bilamiz. Hukumat kimlarnidir hujumlar uchun yollaydi va qurbon himoyachi murojaat qilganida, umuman, buni tergov qilmaydi. Bu qo‘rqitishning bir yo‘lidir.

Bi-bi-si: Bu qo‘rqitish usulidan ko‘pdan beri foydalaniladi, huquq ximoyachilari do‘pposlanib ketiladi va militsiya bu borada umuman chora ko‘rmaydi. Bu eski usul ish berayapti deb o‘ylaysizmi?

Yelena Urlayeva: Bilasizmi, ba‘zilarida ish beradi. Agar kimningdir irodasi kuchli bo‘lmasa, ish beradi. Mana Yelena Yo‘lchiyevaning butun oilasi larzaga tushgan unga qilingan hujumdan. Ammo, men ular bilan muzokaralar qilyapman va ruhan tinchlantirishga urinayapman. Biroq, bu hujum tufayli Yelena Yo‘lchiyeva o‘g‘lini himoya qilish yo‘lidan hech qaytmoqchi emas.