O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonga ishlashga ketgan dugonasini izlamoqda

O‘zbekiston fuqarosi Diana Rojkova o‘z dugonasining Qozog‘istonga go‘yoki ishlash uchun ketib ortga qaytmagani ortidan O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligidan yordam so‘rab murojaat qilgan. Diana Rojkovaga ko‘ra, uning 32 yoshar dugonasi Natalya Berezovskaya oktyabrь oyida ikki farzandini tashlab to‘satdan Qozog‘istonga ketgan va qaytishi kerak bo‘lgan vaqtda uyiga qaytmagan. Rojkova xonim o‘z dugonasi fohishabozlikka majburlanayotganiga qattiq ishoralar borligiga ishonadi va uni ozod qilish uchun yordam so‘raydi. Biz undan nimadan xavotirda ekani borasida batafsil so‘radik:

Diana Rojkova: U ofitsiantka bo‘lib ishlab pul topasan deya va‘da qilishganidan keyin Qozog‘istonga ketdi. Uni hozir Qozog‘istondan chiqarishmayapti, qo‘ng‘iroq ham qilmay qo‘ydi. Men uning raqamiga sim qoqsam, qandaydir erkak kishilar javob berib, endi Natalya bilan bu nomer orqali bog‘lana olmasligimni aytishdi.

Bi-bi-si: Uni majburan kimdir ushlab turganiga oid qanday ishoralar bo‘ldi?

Diana Rojkova: Ishoralar bo‘ldi. Masalan, unga go‘yoki qimmatbaho kiyimlar olib berishibdi va u endi pul ishlab qarzini qaytarishi kerak ekan. Ofitsiantkaga qimmatbaho kiyimlarning nima keragi bor? Men uni fohishabozlikka majburlashayotganidan xavotirdaman, chunki uning sochini ham kestirishibdi va kiyimlar olib berishibdi. Endi uni chiqarishmayapti. Uni qanday olib kelishni bilmay boshimiz qotgan.

Bi-bi-si: Diana sizga qaysi shaxarda ekanini aytganmidi?

Diana Rojkova: Qaysi shaharda ekani no‘malum. Hammasi to‘satdan bo‘ldi. Uni bir kunda olib ketib qolishdi. U hech kimga qayerga ketayotganini ham xabar qila olmay qoldi, xammasi juda g‘alati. U oktyabr ketganidan keyin menga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi va qo‘rqib, xuddi bosim ostida turgandek gapirdi. U Qozog‘istonda oson bo‘lishini tasavvur qilgani, ammo qiynalayotganini aytdi. Men undan qaysi shaharda ekanini so‘raganimda, buni aytishdan bosh tortdi, qo‘rqqan edi. Pasporting qo‘lingdami deb so‘raganimda, u mutlaqo javob bermadi.

Bi-bi-si: Hozir sizda u bilan hech qanday aloqa yo‘qmi?

Diana Rojkova: Hozir umuman qo‘ng‘iroq qilmayapti. Biz u sim qoqqan raqamga qaytib qo‘ng‘iroq qildik, lekin na undan, na boshqa birovdan xabar bor. Uni chaqirib berishmayapti. Natalyaning ikki qizalog‘i bor. U farzandlarini o‘zini Qozog‘istonga jo‘natgan ayolning qo‘liga tashlab ketgan.