Yangi yilni qorsiz kutib olgan Samarqand...

Yangi yil arafasida Samarqandga jo'nash uchun Denovdagi taksi bekatiga kirib borar ekanman, noodatiy manzaraga duch keldim.

Taksichilar narxda ko'p ham tortishmagani ustiga uchinchi yoki to'rtinchi yo'lovchini ham kutmay yo'lga otlanishardi.

"Yangi yil-da!" deydi "Neksiya"dagi yagona hamrohim tayloqlik yigit.

"Nima, haydovchilar qorbobomidi?" deyman unga.

"E-e, yashash uchun kurash deb qo'yishibdi bugungi ishni. Taksilar Denovdan bo'sh chiqayotgani bilan, u yoqda yangi yilni uyida nishonlash uchun yo'lga chiqqan surxonadaryolik talabalar ko'-o'-p, za to u yoqda narx osmonda," deydi tadbirkor yigit.

Tayloqlik yigit Surxandaryoga bir KamAZ urug‘lik kartoshka olib kelganligini aytadi.

"Bahorda, yozda, bu yerdan yegulik kartoshka, sabzi, piyoz, karam olib ketamiz," deb qo'shimcha ham qilib qo'yadi.

Oltinsoydan o'tayotganimizda u haydovchiga so'z qotdi.

"Qarang aka, bug‘doy ekilgan joylarni, shudgor bo'lib yotibdi. Qor-yomgir bo'lmayapti-da, ishqilib buyogi xayrli bo'lsin. Bilmadim, yana shunday davom etsa, bug‘doy qanday bo'larkin bu yil?" deydi u tashvishlanib.

La‘lmi yer maydonlari taqir bolib yotardi.

Yangi yil oilaviy bayram-mi?

Yangi yil – oilaviy bayram.

Yangi yil – to'kin dasturxon atrofida nishonlanadigan bayram.

Bu fikrlar samarqandliklar ongiga ham singib ketganiga ancha bo'lgan.

Bu tushunchalarga o‘ziga xos irim ham talqin qilinadi.

Yil davomida hamjihat bo'lish va to'kin-sochin yashashga ishora!

Ana shu niyat va Rossiyada qishda ish kamayishi sababidan samarqandlik muhojirlarning bir qismi yangi yilgacha uylariga qaytishadi.

Besh yoshli Elyorning dadasi Rossiyaga ishga otlanayotganda bola juda injilaveribdi.

"Qor yoqqanda qaytaman," degan ekan dadasi.

"Hech kim qorni Elyorchalik kutmagandir. Yaxshiyam, qor yog‘ib bermadi. Yangi yilga bir hafta qolganda dadasi uyga kirib keldidar. Ikki ming sӯm bilan, o‘zbek puliga. Yarim yil bolalarni injitib ketib, bir marta 150 yana bir gal 200 dollar pul jo'natdilar, ro‘zg‘orga ishlatdik, bolalarga kiyim-bosh qildim," deydi Elyorning ayasi.

Buvi esa o‘g‘li sog‘-omon qaytganiga shukronalar keltiradi.

Qo‘shni mahalladan, dugonasining o‘g‘li Rossiyada noma‘lum sabablar bilan vafot etganini aytadi u.

Lekin samarqandlik mehnat muhojirlarining hammasi ham yangi yilda uylariga qaytishmagan.

Shusiz ham so‘nggi vaqtlarda tug‘ilishlar kamayganiligi uchun ixchamlashgan va buning ustiga yaqinlari muhojirlikda bo'lgan oilalar birlashib yangi yilni kutish an‘ansi shakllanganligi kuzatiladi.

Masalan, 17 yoshli o‘g‘lini "ish o‘rgansin," deya dadasi yoniga Sankt-Peterburgga jo'natgan Sitora kichik o‘g‘li bilan qolgan.

Uning qaynog‘asi xonadonida esa beka Qozog‘istonda ishlaydi.

Uyda qolgan ota va o‘g‘il kundalik ovqatni uddalasalar-da, bayram dasturxoniga salat yoki pishiriqlarga qolganda sukut qilishadi.

Ana shu zaylda shaharning ikki chekkasida yashovchi ikki oila yangi yilni birga kutadigan bo‘lishdi. Yoki bog‘cha yoshidagi o‘g‘il va qizini qoldirib Moskvada haydovchilik qilayotgan qӯshnimning ayolini bayramoldi ota-onasi bolalari bilan olib ketishdi.

Hovlida yoqib qoldirilgan chiroq besh kecha-kunduz o‘chmadi.

Oilalarning birlashib yangi yilni kutishi bir tomondan tejamli, ikkinchidan esa bayram zekirakli o'tmaydi.

Bayram dasturxoni atrofidagi tilaklar esa "Kelgusi yangi yillarni yaqinlarimiz bilan birga kutaylik!", "Sog‘-omon qaytishsin", "Dollarlarimiz ko'paysin!"

Bayram dasturxoni yoki daromad va buromad

Samarqandning mashhur Siyob bozori bayram arafasida va bayram kunlarida yanada gavjum bo‘ldi.

Yangi yil kirishidan 3-4 kun avval jamoadoshlar, kursdoshlar va sinfdoshlar o‘tirishlari (deylik jiyakfurushlar yoki nosfurushlar ham o‘zaro birlashib, o‘tirishlar qilganlar) sabab dehqon bozorlarda savdo avj olgan bӯlsa, 30 va 31-dekabr kunlarida odamlar o‘z xonadonlari uchun xarid qilishdi.

"Deylik, 4-5 kishilk xonadonda, albatta, bunda keldi-ketdalir ham hisobga olinadi, o‘rtacha dasturxon bezatish uchun 70 mingdan 100 ming so‘mgacha sarflanadi," deydi tadbirkor bekalardan biri.

"Albatta bitta tortni 60 mingga olsangiz, kabob uchun qo‘y suysangiz, bolalarga 40-50 minglik sovg‘a in‘om qilmokchi bo'lsangiz, 200-400 mingni ko'zlayvering," deya qo'shimcha qiladi u.

Samarqandliklar o‘tgan yil oxirida guruchdan bo‘lak boshqa hamma mahsulotlar narxi ko'tarilganini ta‘kidlashadi.

Go‘sht 11-12 ming, pomidor-bodring ham shu narxda, bir kilo kartoshka 650 dan 1000 so'mgacha, Samarqand nonlari vazniga ko'ra, 1000 so'mdan 3000 so‘mgacha. Ayni vaqtda bir kilo guruch 1500 dan 2000 so'mgacha. Bu narxlar eng arzon hisoblanuvchi Siyob dehqon bozoridan olingan.

Men suhbatlashganlar orasida eng kamtarona bayram dasturxon tuzatishni o‘ylab iztirob chekkanligini aytganlar ham bo‘ldi.

Yuqorida tilga olganimiz eri ikki ming o‘zbek so‘mi bilan Moskvadan qaytgan yigitning ayoli qo‘lidagi so'nggi uzugini sotib dasturxon uchun bozorlik qilibdi.

"Bolalarning ko‘ngli o‘ksimasin," deydi ayol.

Muhojirlikda topish-tutishi yaxshi bo‘lib qaytganlar xonadonida esa - haqiqiy bayram!

Samarqandliklar orasida muhojirlikdan boshqa daromadlari bo‘lgan kishilar ham kam emas.

O'qituvchiyu murabbiylar, shifokoru hamshiralar, idora xodimlari va hokazo.

Deylik, hamshira 150 ming so‘mga yaqin maosh olsa, o‘qituvchining maoshi 300-400 ming so‘m atrofida.

Undan keyin nafaqaxo‘rlar ham bor.

Samarqand shahridagi 10-pochtadan chiqayotgan bukchaygangina onaxon nafaqasi 101 ming so‘m bo‘lgani va bu gal 110 ming so‘m olganini aytadi.

"Narx ham o‘sdi, Alixo'ja-Xo'jaali," deydi u kulimsirab.

Boshqa bir nafaqaxo‘r esa shu paytgacha 201 ming sӯm olgani va dekabr oyi uchun 210 ming so‘mga imzo qo‘yganini aytadi.

"O‘n foizga oshadi deb, besh foizga oshirishdi. G‘irromlik qilishayapti," deydi u.

Yangi yil arafasida Samarqandda har yili kuzatiladigan Xitoy portlovchi o‘yinchoqlarining ovozlari deyarli eshitilmadi.

Bundan kattalar xursand bo‘lishdi, albatta. Lekin bolalar qo‘lbola portlovchi moslamalar yasab uni portlatgan hollar ham uchradi.

Yaxshi tilaklarga yo‘g‘rilgan yangi yil bayrami ham o‘tib ketdi.

Tayloqlik tadbirkor yigit yana Surxandaryoga urug‘lik kartoshka tashiydi.

Talabalar o'qishlarini davom ettirishadi.

Men ham ish o'rnimga qaytdim...

Bugun Samarqand bilan gaplashsam, birinchi qor yog‘ayotgan ekan.