O‘zbekistonda qariyb bir oydan keyin ilk bor qor yog‘di

Qariyb bir oydan so'ng O‘zbekistonda ilk bor qor yoqqan. O‘zbekistonlik musulmonlarning aytishlaricha, qor yog‘ishiga juma kungi farz namozidan so‘ng yog‘ingarchilik so‘rab jamoat bilan o‘qilgan maxsus namoz sabab bo‘lgan.

Asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan O‘zbekiston sharoitida qor va yomg‘irning ahamiyati juda katta.

Yig‘im-terimning mo‘l bo‘lishi, mutaxassislar fikrlariga ko‘ra, aynan qishda tushgan qorning salmog‘iga bog‘liq.

Bundan tashqari qor yuqumli kasalliklarning bosilishiga sabab bo‘lishi aytiladi.

Bir toshkentlik yigitning aytishicha, bugun deyarli butun O‘zbekiston bo‘ylab qor yoqqan.

Qorni bolalardan tortib dehqonlargacha orziqib kutishgandi.

"O‘zi bugun tushimda ko‘rgandim. Tushimda ertalab turib qarasam, yerlar oppoq emish. Voy qor yog‘ibdi, deb rosa xursand bo‘lgandim. Ertalab shundoq tashqariga chiqsam, qor boshlabdi," deydi bu yigit.

"Duolar ijobat bo‘ldi"

Qor yog‘ishidan to‘rt kun oldin O‘zbekistonning barcha masjidlarida qor so‘rab, jamoat namozlari o‘qilgan.

"Qish juda ham iliq keldi. Keyingi yilga qurg‘oqchilik bo‘lmasa edi, deb o‘ylab turgandim. Juma kuni dehqonchilik yaxshi bo‘lsin deb, Xudodan so‘rab Istisqo namozini o‘qiymiz, deyishdi. Oralaringda duosi Allohning dargohida qabul bo‘ladigan yaxshi odamlar bor, shuni nazarda tutib hammamiz, jamoat bo‘lib, Istisqo namozini o‘qiymizki, keyingi yili dehqonchilik yaxshi bo‘lsin”, deydi toshkentlik namozxon.

U duolar ijobat bo‘lganini aytadi.

Istisqo namozi O‘zbekiston Musulmonlar diniy qo‘mitasining fatvosi bilan mamlakatning barcha jome‘ masjidlarida o‘qilgan.

"Bu ziroat uchun foyda bo‘ladigan yomg‘ir so‘raydigan namoz deyiladi. Nomi Istisqo namozi. O‘zbekiston sharoitida yaqin yillarda bunaqa namozni kuzatmaganman. Bir oydan oshgan bo‘lsa ham qor-yomg‘ir bo‘lmagani uchun, diniy tomonlama shunaqa taklif bo‘lgandi. Keyin biz shu narsani juma namozida e‘lon qildik", - deydi Musulmonlar diniy qo‘mitasi Fatvo berish bo‘limidan Saidmurod Yusupov.

Iqlimshunoslarga ko‘ra, havoning o‘zgarishi natijasida so‘ngi yillarda O‘zbekistonda qish kunlarida yog‘ingarchilik kam bo‘lishi bot-bot kuzatilmoqda.

Bugun O‘zbekistonga tushgan qor ham salmoqli emas, ammo bir oy quruq havodan keyin yerlarni oqartirib yoqqan qor ko‘pchilikni xursand qilgan.

Musulmonlar diniy qo‘mitasidan Saidmurod Yusupovning Bi-bi-siga aytishicha, Allohdan hojatini chiqarishni so‘rab Istisqo singari maxsus namozlar bor va ularni uyda alohida o‘qisa ham bo‘ladi.

"Aynan juma kuni o‘qish shart emas. Uyda ham alohida o‘qisa bo‘ladi. Har kim o‘ziga hojat so‘rab o‘qiyveradi. Jamoat bilan o‘qishning sababi, uning kuchi va xususiyati bor. Shuning uchun ham o‘zimizcha takliflarni qilib, jamoat bilan o‘qiylikchi deb niyat qilgandik. Xudo xohlasa, uchinchi kun qor yog‘ib berdi, natijasi bo‘ldi," deydi Musulmonlar diniy qo‘mitasi mas‘uli.

Allohdan yog‘ingarchilik so‘rab namoz o‘qish boshqa yurt musulmonlari tomonidan ham qo‘llaniladi.

Bundan bir necha yil oldin Istambul shahriga kelgan qattiq qurg‘oqchilik oqibatida ichimlik suvi ham tanqis bo‘lib qolgandi.

O‘shanda shahar hokimining iltimosiga ko‘ra, jome‘ masjidlarida Istisqo namozi o‘qilgan va oradan ko‘p o‘tmay shaharga yomg‘ir yoqqandi.