O‘zbekiston Prezidenti Bryusselga safar bilan kelmoqda

Image caption Inson huquqlari tashkilotlari Islom Karimov bilan Ovro‘po rasmiylari uchrashuvini nomaqbul deb ko'rishmoqda

Ovro‘po Ittifoqining Tashqi Aloqalar boshqarmasining bildirishicha, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Bryusseldagi tashkilot qarorgohiga safar bilan kelmoqda.

Tashqi Aloqalar bo‘linmasidan Maykl Karnichnikning Bi-bi-si ga aytishicha, dushanba, 24 yanvar kuniga Ovro‘po Ittifoqi prezidenti Joze Manuel Barrozoning janob Karimov bilan uchrashuvi belgilangan.

"Uchrashuvdan asosiy maqsad Ovro‘po Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning turli jihatlarini, jumladan mamlakat ichki hayotidagi islohotlar va inson huquqlari masalalarini muhokama qilishdir",-dedi Ovro‘po rasmiysi.

Bundan tashqari Afg‘oniston va Pokistonni ham o‘z ichiga olgan mintaqaviy muammolar, shuningdek Ovro‘po Ittifoqi tomonidan moliyalangan suv loyihalari, energiya va iqtisodiy masalalar ham ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.

Lekin safar mobaynida biron sohada muayyan bitimlarning imzolanishi ko‘zda tutilmagan.

Maykl Karnichnikning aytishicha, Ovro‘po Ittifoqi 2007 yildan beri mintaqadagi har besh mamlakat bilan yaqinroq aloqalarni nazarda tutuvchi Markaziy Osiyo strategiyasini amalga oshirib kelmoqda va Ovro‘po Ittifoqining O‘Zbekiston bilan joriy aloqalari ana shu strategiyaning tarkibiy qismidir.

Uning bildirishicha, prezident Borrozo janob Karimov bilan uchrashuvda inson huquqlari va qonun ustuvorligi masalalarini muhokama qilishga qat‘iy qaror bergan.

"Inson huquqlari masalasi O‘zbekiston doxil hamma Markaziy Osiyo davlatlari bilan rasmiy dialogimizning ajralmas tarkibiy qismidir. Bu dialog doirasida bolalar mehnati, qamoqxonlardagi sharoitlar, alohida inson huquqlari faollarining ishlari va matbuot ozodligi kabi bir qator boshqa masalalr albatta ko‘tariladi", - dedi Ovro‘po Ittifoqi rasmiysi.

Bryusselda Islom Karimov shuningdek, NATO vakillari va Belgiya rasmiylari bilan ham muzokaralar olib boradi.

Bir qator inson huquqlari tashkilotlari va muxolifat vakillari O‘zbekiston Prezidentining Ovro‘po Ittifoqiga safarini tanqid ostiga olib, inson huquqlari faollari va erkin jurnalistlar qamoqqa tashlangan, bolalar mehnatidan keng foydalaniladigan, matbuot erkinligi mavjud bo‘lmagan mamlakatning avtoritar rahbari bilan Ovro‘po rasmiylari ucharshuvini nomaqbul, deya ta‘riflamoqdalar.

Uzoq yillradan beri muhojiratda istiqomat qiluvchi muxolifatdagi "Erk" partiyasi rahbari Muhammad Solih Andijon xunrezligidan so‘ng O‘zbekistonga nisbatan kiritilgan jazo choralarining bironta sharti bajarilmasa ham bekor qilinishi va joriy uchrashuvning amalga oshishini Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatining ikki yuzlamachiligidan dalolat berishini aytdi.