Barrozo: 'men Ovro‘poning O‘zbekistondagi inson haqlari borasidagi xavotirini ta‘kidladim'

Ovro‘po Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barrozo O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvdan keyin bayonot e‘lon qilgan, unda "Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistondagi inson haqlari va fundamental erkinlar borasidagi xavotiri ko‘tarilgani' ta‘kidlanadi.

Shuningdek, Prezident Karimov bilan uchrashuvda O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan qator inson huquqlari himoyachilarini ozod qilish, inson haqlarini himoya qilish Human Rights Watch xalqaro tashkiloti vakili akkreditatsiyasi va bolalar mehnati masalalari ko‘tarilgani xabar qilingan.

Ovro‘po Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barrozoning O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvi Ovro‘po Ittifoqining 2010 yil 25 oktyabridagi Tashqi Ishlar Kengashi qabul qilgan qarori asosida amalga oshirilgani xabar qilinadi komissiya prezidenti bayonotida.

Tashqi Ishlar Kengashining ushbu xulosasi "Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekiston bilan aloqalarni keng miqyosda kuchaytirish istagi" deb nomlanishi ma‘lum qilinadi.

Prezident Islom Karimov bilan uchrashuvi ortidan Prezident Barrozo Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekiston bilan "tanqidiy, shartli va har tomonlama muloqot siyosati"ni ga amal qilishini aytgani haqida e‘lon qilgan.

"Men Ovro‘poning OI tashqi siyosati markazidagi inson huquqlari va fundamental erkinliklarga taalluqli barcha asosiy xavotirlarini ko‘tardim. Mening ishonchim komilki, bo‘m-bo‘sh gaplardan ko‘ra, bu kabi yuzma-yuz mustahkam muloqotlar bilan biz Ovro‘poning muloqot siyosatini samaraliroq amalga oshira olamiz", deb aytgan Jose Manuel Barrozo.

"Prezident Karimov o‘zining O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish qarorida qat‘iyligini ta‘kidladi. Shuningdek, Prezident Barroso Human Rights Watch vakilini Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazish masalasini ham ko‘tardi", deyiladi Ovro‘po Komissiyasi bayonotida.

Ovro‘polik mulozimlarga ko‘ra, Prezident Barrozo Xalqaro Mehnat Tashkilotining kuzatuv guruhiga O‘zbekistondagi bolalar mehnati mavjudligi borasidagi ahvolni tekshirishga izn berishga chaqirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Bryusselga ishchi tashrifi 2005 yilgi Andijon xunrezligidan keyin Ovro‘poga ilk safari bo‘lgan.

Inson huquqlari guruhlari ushbu tashrif uchun Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekistondagi inson huquqlarini poymol etish hollariga ko‘z yumayotganlikda ayblab chiqishdi.

24 yanvar kuni Ovro‘po Komissiyasining Bryusseldagi qarorgohi qarshisida o‘zbekistonlik inson huquqlari himoyachilari norozilik amaliyoti uyushtirganlar.