'Vladimir Putin' cho‘qqisi Qirg‘izistonda munozaralarga sabab bo‘lmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи video

Qirg‘izistondagi cho‘qqilardan biriga Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinning nomini berish rejasi mamlakat siyosatchilari orasida bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Muxolifatdagi yetakchi "Ata-Meken" partiyasi vakillariga ko‘ra, Qirg‘izistonning yangi rossiyaparast rahbari Almazbek Atambayev o‘z rejasi bilan mamlakatni "mazax ob‘ekti"ga aylantirmoqda.

"Ata-Meken" partiyasidan bo‘lgan parlament vakili Jo‘rmat Saparboyevning aytishicha, Bosh vazir buning Qirg‘iziston qonunchiligiga zid amal ekanini anglab ham yetmagan.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev shu oy boshida Tyanь-Shanь tog‘idagi cho‘qqilardan birini "Vladimir Putin cho‘qqisi" deb nomlash haqidagi qonunni imzolagandi.

Cho‘qqining balandligi 4.446 metrni tashkil etadi.

Qirg‘izistonda bu kabi voqelik yangilik emas. Mamlakatda bundan avval ikkita cho‘qqi Boris Yelьtsin va V.I.Lenin nomlari bilan atalgan.

"Ming afsus, hukumatdagi ayrim siyosatchilar Rossiya bilan aloqalarini mustahkamlashga urinib, gohida ahmoqona, kulguli amallarga qo‘l urishadi," deb aytgan janob Saparboyev.

Ayon bo‘lishicha, Qirg‘izistonda 1995 yilda qabul qilingan qonunga muvofiq tog‘ yoki biror bir jug‘rofiy hududni tirik odamning ismi bilan nomlash man etiladi.

Kelasi hafta "Ata-Meken" partiyasi boshqaruvdagi koalitsiyaning ushbu qonunga tuzatish kiritib, o‘z rejasini amalga oshirish niyatlariga to‘sqinlik qilish niyatida ekanini aytmoqda.

"Agar biz faqat janob Putinni deb qonunni o‘zgartirishga urinsak, qolgan davlatlar ustimizdan kulishni boshlashadi," deb aytgan partiya vakili.

Ammo Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev tomonidan imzolangan hujjatning kuchga kirishi uchun hali mamlakat parlamenti tomonidan tasdiqlanishi talab etiladi.