'Ne sababdan Ovro‘po Ittifoqi Islom Karimov kabi diktatorga ishonch bildirmoqda?'

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

"Ne sababdan Ovro‘po Ittifoqi Islom Karimov kabi diktatorga ishonch bildirmoqda?"

"Gardian" gazetasidagi maqola xuddi ana shunday sarlavhadan boshlanadi.

Ostida esa, prezident Karimov hamda Ovro‘po Komissiyasi prezidenti Joze Manuyelь Barrozo bilan qo‘l olishib tushgan surat.

Andijondagi qirg‘indan olti yil o‘tib, xotiralar so‘nmoqda, e‘tibor boshqa narsalarga qaratilayapti, deb davom etadi "Gardian" maqolasi.

Endigi e‘tibor O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga eltadigan ta‘minot yo‘li va O‘zbekistondagi energiya zaxiralariga qadalgan, deb xulosa qilinadi.

Janob Barrozo Islom Karimov bilan nega uchrashganini himoya qildi va uchrashuvda inson haqlari, siyosiy mahbuslar masalasiga ko‘p urg‘u berganini qayd etmoqda.

Barrozo kabi Ovro‘po Ittifoqining tajribali rahbarlari hozirgidek sezilmas jazolaru koyishlar bilan katta o‘zgarish qila olmasliklarini yaxshi bilishadi.

Ovro‘poning O‘zbekiston kabi mamlakatlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish kerak, degan siyosatlari abgor holatda.

Masalan, shu oy Tunisda xalq isyoni bo‘ldi. Ammo Tunisdagi tuzumni qo‘llagan Ovro‘po, xususan, Frantsiya kabi davlatlar u yerdagi uzoq yillardan beri davom etayotgan inson haqlari toptalishi, korruptsiya va tunis xalqining og‘ir turmushini ko‘rib ko‘rmaganga olishardi.

Oddiy xalqi azob-uqubat va qashshoqlikda hayot kechirayotgan Jazoyir, Misr va Iordaniya kabi davlatlar bilan ham xuddi shunday yo‘l tutilmoqda.

Chunki bu davlatlar guyo Ovro‘po Ittifoqining do‘stlari deb ataladi va shu bois ularni qattiq tanqid qilishmaydi.

Rossiya va Xitoy kabi kuchli davlatlar bilan muzokaralarda Ovro‘po Ittifoqi inson huquqlari masalasini qanchalik ko‘tarayotgani esa yig‘lagudek ahvolda.

Maqola Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotidan iqtibos keltirib yozadi:"Zulmkor tuzumlar bilan muloqot qilishni qo‘llash odatda inson huquqlari masalasida hech bir ish qilinmayotganini xas-po‘shlash uchun bahona bo‘lmoqda".

Muloqot zarur. Ammo inson haqlarini toptash to‘xtamas ekan, harbiy va moliyaviy yordam cheklanishi kerak, samarali iqtisodiy jazo choralari kiritilishi darkor va aybdorlar jazolanishini talab qilgan chaqiriqlar bilan chiqib, ularning amalga oshishiga erishish muhim, deb yozadi gazeta.

O‘zbekiston Prezidenti Karimov va yo Belarus prezidenti Lukashenko qilgan qilmishlari uchun nega jazolanmasligi kerak, deb savol qo‘yadi gazeta.

Keyin esa javob berilgan - "Bu uchun Ovro‘po Ittifoqi axloqiy jasorat ko‘rsatishi kerak".