Qashqadaryoda dindorlarning hibsga olinishi avj olgan

Image caption Qamalayotganlarning aksari namozni kanda qilmaydigan musulmonlar

Qashqadaryolik ona Dilorom Hojiyeva o‘zining 27 yoshar o‘g‘li Sherzod Hojiyev soxta ayblar bilan hibsga olinib, qiynoqlarga tutilgani va endi 6,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilinganidan shikoyat qilmoqda.

Sherzod Hojiyev bilan birga Rustam Qilichev, Ixtiyor Bekmurodov va Shavkat Ernazarovlar "konstitutsion tuzumga tajovuz", "ijtimoiy tartibga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish", hamda "diniy ekstremist tashkilotlarga a‘zolik"da aybdor topilib, 5,5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilganlar.

Onaning aytishicha, o‘g‘lining hech qanday aybi isbotlanmagan.

Sherzod Hojiyev o‘tgan yilning oktyabrida to‘satdan yo‘qolib qolgan va besh kundan so‘ng Qarshi shahri IIB izolyatorida saqlanayotgani aniqlangan.

Dilorom Hojiyevaning so‘rovlariga javoban uning o‘g‘li "qizlarga tegajoqlik"da ayblanib, ushlab turilgani aytilgan. Biroq u endi butkul o‘zgacha jinoyatlarda aybdor deb topilmoqda.

To‘ng‘ich o‘g‘li ham qamoqda bo‘lgan ona o‘g‘li Sherzod masjidga borgani va besh vaqt namoz o‘qigani uchun shunday tazyiqqa uchrayotganiga ishonadi.

Diloram Hojiyevaning aytishicha, o‘g‘li va uch sherigi tergovchilar tomonidan qattiq kaltaklanganlar va ruhiy bosimga olinganlar. Sudlanganlar kaltaklar haqida mahkama jarayonida gapirishgan.

"Sudda shunday yig‘lab gapirdi. Shunday urib bo‘ynilariga qo‘yishgan. "Onangni olib keldik, singlingni olib kelib qo‘shayapmiz militsionerlarga" deyishgan. Bolamning otasi o‘lgan, onasidan boshqa hech kimi yo‘q. Men uchun, singlisi uchun, or-nomusi uchun, urganidan keyin hamma narsani bo‘yniga olgan," - deydi u.

Mahkamada uch ayblanuvchi yig‘lab, o‘zlari tutilgan qiynoqlarni tasvirlab berishlariga qaramay, hakam shikoyatlarni inobatga olmagan.

"Qip-yalang‘och qilib ustidan yahday suv quyishgan. Mazax qilishgan, "sen go‘rkov eding, o‘liklarni qiliqlarini qilib ber" deb kulishgan.

Yoppasiga hibsga olishlar

Qashqadaryodagi mahkama ishlarini hujjatlashtirib kelayotgan inson haqlari faoli Surat Ikromovga ko‘ra, Milliy Xavfsizlik Xizmatlari oxirgi vaqtda yana dindorlarga "ov" boshlagan.

Ayni damda Qarshi shahrida yana 13 kishi ustidan Sherzod Hojiyevnikiga o‘xshash ayblovlar bilan mahkama ishi o‘tmoqda.

Ayblanuvchilarning bari Qashqadaryoning Nishon shahridan. Ularning ham yaqinlari tergov davrida qo‘llangan qiynoqlardan shikoyat qilishmoqda.

Shuningdek, Qarshi shahrining IIB izolyatorida Guzor tumanining 21 yashovchisi ushlab turilibdi. Ular ustidan mahkama yaqin kunlarda bo‘lishi kutiladi.

"Bu hali bizga yetib kelganlari. Hali yarimini bilmay qolamiz, chunki hamma mahkama ishlari juda maxfiy holda, hatto ayblanuvchilarning ota-onalariga aytilmagan holda, yopiq tarzda o‘tkazilayapti," - deydi janob Ikromov.

Faolga ko‘ra, faqatgina namoz o‘qish yoki masjidga borish mazkur hibslarga asos bo‘ladi deb aytib bo‘lmaydi, chunki diniy ayblar bilan mahkamaga tortilganlar orasida mutlaqo din bilan qiziqmagan kishilar ham bor.