Toshkent shahri va viloyatida fuqarolarni vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish cheklangan

Boshqa viloyatdan kelib ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari bir necha oydan beri ichki ishlar bo‘linmalariga borib-kelib ovora bo‘lishmoqda. Mutasaddilar bu borada yangi tartib-qoidalar joriy qilinayotganini aytishmoqda. Ularga ko‘ra, endi ro‘yxatga olish jarayoni ancha yengillashishi mumkin. Inson haqlari himoyachilari esa fuqarolarning erkin harakatlanishini cheklovchi har qanday tartib-qoida inson huquqlarini buzish demoqda.

Bir necha oydan beri boshqa viloyatdan kelgan o‘zbekistonliklar Toshkent shahri va viloyatiga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘ta olmayapti. Suhbatdoshimiz Toshkent viloyat Qibray tumani pasport stoliga bir necha bor qatnaganini aytadi.

"Qachondan beri necha marta bordim. Borasiz, "yo‘q", deydi. Borasiz, "yo‘q", deydi. Bekorchimassiz-ku, to‘g‘rimi. Odam ishlaydi, o‘ziga yarasha ishi bor, tashvishi bor. Sabab ko‘rsatishmaydi. So‘rasangiz aytmaydi. Tushuntirib berishmaydi yoki qachon ochilishini ham aytishmaydi. Misol uchun, mening hamma hujjatlarim tayyor", - deydi ismi o‘zgartirilgan Sanjar.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatidan navbatchining Bi-bi-siga aytishicha, ayni damda fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatiga vaqtinchalik va doimiy ro‘yxatga qo‘yish to‘xtatilgan.

"Vaqtinchalik va doimiy ro‘yxatga qo‘yishlar prezident aparatidan hal bo‘ladi, 20-fevrallardan keyin ma‘lum bo‘ladi. Bundan buyon bizning ishxona ko‘rib chiqadi. Ayrim yengilliklar bo‘lishi kerak, ammo qanaqligini bilmaymiz. Prezident apparati qanaqa qog‘oz chiqarib bersa, biz shuni amalga oshiramiz", - deydi Ichki ishlar vazirligi xodimi.

Xalq orasida OVIR nomi bilan taniqli Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati kuzatuvchilar tomonidan fuqarolarni nazorat qilishga qaratilgan idora sifatida ko‘riladi.

Bu vaqtgacha doimiy ro‘yxatga olish bo‘yicha qarorni hokimiyat bergan bo‘lsa, bundan buyon fuqarolarni vaqtincha ro‘yxat olish Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati zimmasiga o‘tishi mumkin. Kuzatuvchilarga bundan buyon fuqarolarni nazorat qilish yanada kuchayishidan xavotirlanmoqda.

"Viloyatdan bir odam kelgan bo‘lsa, men uni xavfli deb o‘ylamayman. Chunki, O‘zbekiston fuqarolari siyosiy faol emas. Shuning uchun, bizlarning odamlarning nimasini nazorat qiladi. Qishloqlarda yoki uzoq viloyatlarda yashaydiganlarning nimasini nazorat qilish mumkin. Uning qo‘lidan qanday xavf kelishi mumkin", - deydi Toshkentdan inson haqlari himoyachisi Sur‘at Ikromov.

Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ismini aytishni istamagan mas‘ulning aytishicha, bundan buyon boshqa viloyatlardan kelgan fuqarolarni vaqtincha ro‘yxatga olish jarayonlari yengillashtiriladi. Hozirgi mavjud tartib - qoidalar inson huquqlariga mos kelmaydi va o‘ta murakkab. Davlat boji sezilarli darajada ko‘tarilib, talab qilinadigan hujjatlar soni kamaytirilishi mumkin.

Mavjud tartiblar bo‘yicha, vaqtinchalik ro‘yxatga turmoqchi bo‘lgan shaxs, doimiy turar joyidagi militsiya noziridan noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanmayotgani to‘g‘risida ma‘lumotnoma, ro‘yxatga turmoqchi bo‘lgan joydagi mahalladan ma‘lumotnoma, uy egasining roziligi yozilgan ariza va davlat boji to‘laganligi haqida ma‘lumotnoma olib kelishi kerak. Agar vaqtinchalik ro‘yxatga turuvchi ishxonasidan ham ma‘lumotnoma olib kelsa, bu jarayon ancha osonroq kechiishi mumkin.

Inson huquqlari himoyachisi Sur‘at Ikromov O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat ichida erkin harakatlanishi ularning konstitutsion huquqi ekanligini aytadi. Ammo, Toshkent shahri va viloyati bilan boshqa viloyatlarning o‘rtasida iqtisodiy tafovut katta bo‘lganligi bois, hamma Toshkentga intiladi.

- Bu masala bo‘yicha ham islohat bo‘lishi kerak. Taqiqlash tizimidan voz kechish lozim. Odamlarning harakatlanish huquqini isloh qilish zarur. Kim qaysi joyga xohlasa o‘sha yerga ko‘chishi va qayerda istasa o‘sha yerda ishlash huquqi bo‘lishi kerak, - deydi Sur‘at Ikromov.

Sur‘at Ikromovning ilova qilishicha, shu bilan birga boshqa viloyatlarda ham Toshkentdagi kabi ish o‘rinlari yaratilishi, oliygohlar bo‘lishi kerak. Barcha hududlar poytaxt bilan teng rivojlanishi lozim.