Rossiyada yashagan 4 o‘zbekistonlik yong‘in oqibatida hayotdan ko‘z yumdi

Yong‘indan jabr ko‘rgan oilaning Rossiyaga nima uchun borgani ma‘lum emas, ammo ko‘plab oilalar u yerga ish izlab ketishgan
Image caption Yong‘indan jabr ko‘rgan oilaning Rossiyaga nima uchun borgani ma‘lum emas, ammo ko‘plab oilalar u yerga ish izlab ketishgan

Rostov viloyatining Bataysk shahridagi dala hovlilardan birida yuz bergan yong‘in oqibatida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi nobud bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, hayotdan ko‘z yumganlarning 2 nafari balog‘at yoshiga yetmagan bolalar bo‘lishgan.

Dastlabki ma‘lumotlar bo‘yicha, yong‘in xafsizlik choralariga rioya qilmaslik natijasida yuz bergan.

Rostov viloyati rasmiylariga ko‘ra, yong‘in kech tunda Bataysk shahri chekkasidagi ro‘y bergan.

Rostov viloyati prokuraturasi voyaga yetmaganlarning yoshi 15 va 3 yashar ekanini ma‘lum qilgan.

Yong‘indan og‘ir jarohatlangan yana ikki bola shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

Rostov viloyati terogov qo‘mitasi rasmiy vakilasi Galina Gagalayevaning Bi-Bi-Si-ga aytishicha, olamdan o‘tganlar va yarador bo‘lganlar bir oila a‘zolari bo‘lishgan:

"Bizdagi dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, nobud bo‘lganlar bir oila bo‘lishgan. Lekin, halok va yarador bo‘lgan bolalar ularning farzandlari ekanligi hozircha aniq emas. O‘zbekistonlik oila Bataysk shahri chekasidagi dala hovlida yashagan. Hodisa bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Hozirda tekshiruv ishlari ketmoqda. Dastlabki ma‘lumotlar bo‘yicha, yong‘in qo‘lbola isitish uskunasidan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin", - deb aytdi Galina Gagalayeva.

Favqulodda vaziyat vazirligini Rostov viloyati bo‘limi rasmiylarining aytishlaricha, shifoxonaga yotqizilgan bolalarning ahvoli og‘ir, yong‘in tanalarining yarmidan ko‘piga ziyon yetkazgan.

Prokuratura rasmiysi halok bo‘lgan oilaning Bataysk shahrida qanday ish bilan shug‘ullangani borasida hozircha ma‘lumot berilmasligini bildirdi.

Ayni vaqtda, qashshoqlikdan Rossiyaga ish izlab kelayotgan Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlarining baxtsiz hodisalarga yo‘liqish hollari juda ko‘p uchrashi aytiladi.

Kuzatuvchilar so‘ngi yillarda muhojirlarning baxtsiz hodisalardan o‘lish hollari ortib borayotganiga ishora etishadi.

Yaqinda Tojikiston Mehnat vazirligi keltirgan raqamlar bo‘yicha o‘tgan yilning so‘nggi 10 oyida Rossiyada 800ga yaqin tojikistonlik halok bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich oldingi yillarga qaraganda ancha yuqori ekanligi aytiladi.