Internetdagi Arbuz forumi yopildi

O‘zbekistonda to‘siq qo‘yilgan arbuz.com forumining nima sababdan yopilgani noma‘lum, biroq uning O‘zbekistondagi ishtirokchilariga zarar yetayotgani uchun ham yopilgan bo‘lish ehtimoli bor.

Avvalroq ushbu forum ishtirokchilaridan olti nafarining hibsga olingani xabar qilingan edi. Qo‘lga olinganlarning besh nafari 18 kunlik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqqan va forumda mavzu ochib uni tark etayotganlarini bildirganlar.

bu yerga bosing O‘zbekistonda internet forum faollariga bosim kuchaydi

3 fevralь tunda kitayoza niki ostidagi forum ishtirokchisi xayrlashuv mavzusini ochdi. kitayoza forum orqali kelgan ba‘zi bir sinovlar ortidan o‘zi bilan birga yana to‘rt kishining forumni tark etayotganini bildirdi.

Ketishga sabab qilib ushbu besh kishining Mr.Abdulloh niki ostidagi yuzer bilan yaqindan tanish ekanligini keltirilgan.

"Arbuz" forumi yopilishidan oldin kitayoza yozishicha, Mr.Abdulloh dastidan besh kishi 18 kun hibsda o‘tirgan va yana bir qancha yuzerlar savol-javobga chaqirilgan.

Bundan 5 oycha avval Mr.Abdullohning hibsga olingani xabar qilingan edi. Forum ishtirokchilariga ko‘ra, u ekstremistik ruhdagi saytlardan ekstremistik materiallarni yuklab olib boshqalarga yuborgani uchun hibsga olingan.

Kitayoza ning yozishicha, shu sababdan Mr.Abdullohning o‘ziga, oilasi, hamkasblari va u bilan uchrashgan forum ishtirokchilariga qiyinchiliklar kelgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBCUZBEK.COM

18 kun hibsda ushlangan kitayoza bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng forum O‘zbekistonning Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi nazariga tushganini, shuning uchun "har kim qadamni o‘ylab bosishi" kerakligini aytgan.

"Siz va sizning oilangiz boshqa O‘zbekistonga qaytib kelmasa ham lekin, yurtimizda yashab kelayotgan yaqinlaringiz va sizga aloqasi bor insonlar uchun ham ma‘sul ekanligizni unutmang! Mayli ularni unutsangiz ham lekin, sizni demokratiyadan ruhlanib aytgan gaplaringizdan keyin, so‘zlaringizdan ta‘sirlanib qolgan O‘zbekistonda yashab kelayotgan yosh, beg‘ubor yoshlarni ham unutmang. Sizlarni "haqiqat"laringiz tufayli, bu zavollilar ne ne ko‘rguliklarni ko‘rib chiqishlari mumkin", deb yozgan kitayoza.

U yana hukumatni tanqid qilmoqchi bo‘lgan demokratlar yoki O‘zbekistonda taqiqlangan salafizm oqimlarining g‘oyalarini yetkazishdan oldin "emagan somsaga pul to‘lashi mumkin" bo‘lgan yoshlarni unutmaslikni so‘raydi.

Shundan keyin kitayoza o‘zi bilan birga yana to‘rt kishining forumni tark etayotganini aytgan. Va bir holatda, forumda hukumatga qarshi gaplarga nisbatan tsenzura qo‘yilsagina yana qayta faoliyat yuritishlari mumkinligini aytgan.

3-4 kishi, forumda tsenzura o‘rnatib bo‘lmasligini, agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa O‘zbekistondagi "Axborot", "Davr" teledasturlari va "Xalq so‘zi" ro‘znomasidan farqi qolmasligini aytishgan.

Ushbu mavzu ochilganidan 12 soatlar o‘tib arbuz.com forumining yopilgani haqidagi yozuv paydo bo‘ldi.

Forum 1990 yillarning oxiri va 2000 yillar boshida choyhona.uz, forum.uz kabi nomlar bilan faoliyat yuritardi. Unga O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan ochilgan "Umid" jamg‘armasi orqali xorijga o‘qishga ketgan yoshlar asos solishgan.

Keyinchalik bu forumga O‘zbekistonda taqiq qo‘yilgach, nomi arbuz.com deya o‘zgartirildi. Unga O‘zbekistondan yoshlar aylanma yo‘llar orqali kirgan bo‘lsa, dunyoning turli burchagidagi yoshlar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib fikrlarini erkin bildirardi. So‘nggi vaqtlarda forumda diniy qarashdagi ishtirokchilarning ancha faollashgani kuzatilayotgan edi.