Prezident Karimov Yaponiyaga safarini boshlamoqda

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kanning taklifi bilan Yaponiyaga ikki kunlik safarini boshlamoqda.

Bu janob Karimovning o‘z prezidentlik faoliyati davomida Tokioga uchinchi rasmiy tashrifi ekani aytiladi.

O‘zbekiston boshqa xorijiy davlatlar bilan taqqoslaganda Yaponiya bilan anchayin silliq aloqalarga ega.

Ikki davlat orasidagi diplomatik munosabatlar qariyb 20 yillik tarixga borib taqaladi.

Ikkovlon o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlikka oid kelishuvlar ham amal qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, prezident Karimov bu galgi safari davomida mamlakat Yaponiya Bosh vaziri Naoto Kandan tashqari imperator Akihito qabulida ham bo‘ladi.

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muhim masalalarga e‘tibor qaratilishi kutilmoqda.

Afg‘onistonda o‘z harbiylariga ega bo‘lishmasa-da, tomonlarning AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarini ta‘minlash ishlarida ishtiroklari bor.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari turli sohalarda hamkorlik qilishni ko‘zda tutuvchi qator ikki tomonlama shartnomalarni ham imzolashadi.

Ko‘plab kuzatuvchilar O‘zbekistonning Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi Sharqiy Osiyo davlatlari bilan iliq aloqalarini ularning rasmiy Toshkentning ichki ishlariga umuman aralashmasliklari, inson huquqlarining ahvoli bilan bog‘liq masalalarni kun tartibiga olib chiqmasliklari bilan izohlashadi.

Yaponiya O‘zbekiston bilan iqtisodiy yordam, biznes, madaniy va mintaqaviy sohalarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirib keladi.

Xabarlarga ko‘ra, kecha dushanba kuni Yaponiya Iqtisodiyot, Savdo va Sanoat vaziri hamda O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi muovini Rustam Azimov ikki davlat orasida iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish masalasida kelishib olishgan.

Hamkorlik O‘zbekistondagi uran va boshqa noyob minerallar doxil tabiiy zaxiralarni rivojlantirishni ko‘zda tutishi aytilmoqda.

Har ikki tomon mulozimlariga ko‘ra, savdo, yotirim va biznes bilan bog‘liq har qanday muammolarga barham berish uchun maxsus ishchi guruhi ham tashkil etiladi.

O‘z tabiiy zaxiralari deyarli bo‘lmagan Yaponiya esa, buning evaziga O‘zbekistonga zamonaviy texnologiya sohasida yordam beradi.

Agar Yaponiya tomoni 2008 yil keltirgan raqamlarga tayanilsa, ikki davlat orasidagi tashqi savdo ko‘lami qariyb qariyb 500 million dollarni tashkil etgan.

Ikkovlon orasidagi eksport-import mahsulotlarini ipak, paxta tolasi va zamonaviy texnik jihozlar tashkil etishi aytiladi.

Yaponiya, bundan tashqari, O‘zbekistondagi taraqqiyot dasturlariga ham kreditlar ajratib keladi.

Ikkovlon orasidagi madaniy va gumanitar sohadagi hamkorliklar ham ancha mustahkam.

Toshkentda bir necha yildan buyon O‘zbek-Yapon markazi faoliyat yuritadi.

Ikki davlat olimlari va qadimshunoslari ham uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelishadi.

Har yili Yaponiya Madaniyat kunini o‘tkazish O‘zbekistonda an‘anaga aylangan.

2002 yilda esa, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida uchoqlarning bevosita parvozi yo‘lga qo‘yilgan. Bu - yaponiyalik sayyohlarning O‘zbekiston doxil Markaziy Osiyo davlatlariga tashriflariga yo‘l ochgan.

Yaponiyaga qilgan so‘nggi safari chog‘ida(2002 yilda) O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vaseda va Soka universitetlarining "Faxriy doktori" deb ham topilgan.