Сўнгги янгиланиш 17 феврал 2011 - 11:20 GMT

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk O‘zbekistonga safarini boshladi

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk boshchiligidagi hukumat hay‘ati O‘zbekistonga ikki kunlik safarini boshladi. Bu o‘z lavozimiga kelgandan buyon janob Bleykning Toshkentga qilayotgan to‘rtinchi safaridir.

Rasman bildirilishicha, AQSh hay‘atining safari 2009 yilda hali Vashingtonda boshlangan siyosiy konsulьtatsiyalarning navbatdagi bosqichini o‘tkazishni ko‘zda tutadi.

Robert Bleyk, yana shuningdek, O‘zbekiston hukumati mulozimlari va fuqaroviy tashkilotlar vakillari bilan ham uchrashadi.

Xavfsizlik, strategik hamkorlik, mintaqaviy muammolar, inson huquqlari va iqtisodiy masalalarda muzokaralar olib boradi.

Uning O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashish-uchrashmasligi hozircha ma‘lum emas.

Xabarlarga ko‘ra, janob Bleyk 18 fevral kunida uyushtirilajak O‘zbek-Amerika biznes forumida ham ishtirok etadi. Forumda yana Amerikaning yetakchi shirkatlari vakillarining ham qatnashishlari kutilmoqda.

Yillik siyosiy konsulьtatsiyalarning maqsadi esa, har bir Markaziy Osiyo davlati bilan savdo, inson huquqlari, demokratiya, xavfsizlik masalalarida hamkorlik va Afg‘onistondagi vaziyatni har tomonlama muhokama etishga zamin yaratish ekani bilan izohlanadi.

O‘zbek tomonining ma‘lumotlariga tayanilsa, AQSh O‘zbekistonning eng yirik o‘nta savdo hamkorlaridan biri sanaladi.

2008 yilda ikki davlat orasidagi savdo hajmi qariyb 600 million dollarni tashkil etgani aytiladi.

Amerika shirkatlari konchilik, oziq-ovqat ishlab chiqarish, naqliyot infratuzilmalari kabi qator tarmoqlardagi loyihalarni amalga oshirish ishlarida ishtirok etib kelishadi.

Bundan tashqari, Amerikaning General Motors shirkati O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sohasida ham o‘z ulushiga ega.

Amerikalik mas‘ullar bundan avval O‘zbekistonning mintaqada tutgan muhim o‘rnini alohida urg‘ulab, rasmiy Toshkent bilan savdo va sarmoya sohasida hamkorlikni kuchaytirish niyatida ekanliklarini rasman bayon qilgan hollar ham yo‘q emas.

Ammo ikki o‘rtadagi aloqalar 2005 yilgi Andijon hodisalari ortidan sovib ketgandi.

Bunga rasmiy Vashingtonning Andijondagi namoyishlarning kuch bilan bostirilishi yuzasidan mustaqil xalqaro tergov olib borishga oid da‘vatlarga qo‘shilishi sabab bo‘lgandi.

Tanqidlar ortidan esa, rasmiy Toshkent mamlakatdagi Afg‘oniston amaliyotlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan AQSh bazasini yopib qo‘ygandi.

O‘zaro aloqalarni qayta tiklashga esa, bor-yo‘g‘i o‘tgan yil qaror qilingan va "O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2010 yil uchun harakat rejasi" deb nomlangan besh sahifalik hujjat prezident Karimov tomonidan ma‘qullangandi.

Ayni hujjat doirasida yaqindagina AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton xonim ham O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.

Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonni Afg‘onistonda Tolibonga qarshi kurashayotgan NATO amaliyotlari uchun muhim ittifoqchi ekanini rad etmaydilar.

Ko‘plab inson huquqlari faollari esa, ayni shu sababdan ham ikkovlonni O‘zbekistondagi inson huquqlari, matbuot va diniy erkinliklar bilan bog‘liq abgor ahvolga ko‘z yumib kelayotganlikda tanqid qilishadi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.