Robert Bleyk:'Mening safarim AQShning O‘zbekiston bilan munosabatlarni mustahkamlash harakatlari aksidir'

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Janob Bleykka ko‘ra, uning safari AQShning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash harakatlarini aks ettiradi.

O‘zbekistonga safar bilan kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha o‘rinbosari Robert Bleyk AQSh ikki tomonlama munosabatlarning turli sohalarida aloqalarni kengaytirish tarafdori ekanligini bildirdi.

Janob Bleykning bugun Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, uning safari AQShning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash harakatlarini aks ettiradi.

O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashuvlar mobaynida ham ikki tomonlama aloqalarning turli sohalarida munosabatlarni kengaytirish masalalari mubohisa etilgan.

Xavfsizlik, savdo, ilm-fan va texnologiyalar, giyohvand moddalarga qarshi kurash masalalari bilan birgalikda shuningdek fuqaroviy jamiyatni rivojlantirish va inson huquqlari muammolari ham ko‘tarilgan.

AQSh rasmiysiga ko‘ra, rasmiylar bilan uchrashuvlarda xususan prezident Karimovning o‘tgan yil 12 noyabr kuni qilgan nutqida ko‘tarilgan fuqaroviy jamiyatni mustahkamlash, matbuot erkinligi va qonun ustuvorligiga alohida to‘xtab o‘tilgan.

Bundan tashqari vijdon erkinligi va inson tarfikingi kabi muhim muammolarga ham to‘xtalgan.

Janob Bleyk Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish harakatlariga O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llovni, jumladan xalqaro kuchlar uchun yuklar tranziti uchun berilgan ruxsat, Afg‘onistonni elektr quvvati bilan ta‘minlash va Hayratondan Mozori-Sharif shahriga qadar temir yo‘l qurilishidagi ishtirokini AQSh yuqori baholashini bildirdi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Janob Bleykka o‘n nafar AQShlik yirik ishbilarmon hamrohlik qilmoqda va O‘zbek-Amerika Biznes forumida ishtirok etganlar.

Unga ko‘ra, bu galgi safarida o‘n nafar yirik amerikalik ishbilarmonlar unga hamrohlik qilmoqdalar va bugun ertalab O‘zbek-Amerika Biznes forumida savdo va sarmoyalar yotqizish imkoniyatlari mubohisa etilgan.

Fuqaro jamiyati vakillari bilan ham kechroq uchrashgan janob Bleykning aytishicha, fuqaro jamiyatining rivojlanishi va inson huquqlari masalasi AQshning jahon bo‘ylab mamlakatlar bilan ikki tomonlama aloqalarining muhim qirrasi bo‘lib kelgan.

Jurnalistlar savollariga javob berar ekan janob Bleyk Qirg‘izistondagi jarayonlarga ham to‘xtab o‘tdi.

Uning aytishicha, AQSh Qirg‘izistondagi jarayonlarni sinchikovlik bilan kuzatib turibdi va iyun oyi hodisalaridan so‘ng bo‘lib o‘tgan ba‘zi mahkama jarayonlarining xalqaro standartlarga muvofiq o‘tmaganligidan xavtir izhor etgan.

"Qirg‘izistondagi o‘zbek va qirg‘iz jamolari o‘rtasidagi yarashuv jarayonida adolatli mahkama juda muhim rol o‘ynaydi", deb aytdi janob Bleyk.

Shuningdek AQSh rasmiysi Turkmanistondan Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga qadar uzanuvchi gaz quvur loyihasi haqida ham gapirib, bu masalani Turkmanistonga safari mobaynida prezident Berdimuhamedov bilan ko‘targani va AQSh bu loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Unga ko‘ra, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasini Janubiy Osiyo bilan bog‘lashda muhim rol o‘ynaydi.