Toshkent shahar hokimiyati sobiq hokimning hibsga olinganini rad etdi

Image caption Norasmiy manba‘larga ko‘ra, shahar hokimiyatini sobiq ma‘muriyat a‘zolaridan tozalash boshlangan

Toshkent shahar rasmiylari o‘tgan hafta ishdan bo‘shatilgan sobiq hokim Abduqahhor To‘xtayev va yana bir qator mulozimlarning hibsga olingani haqidagi xabarlarni rad etishmoqda.

Bi-bi-siga gapirgan shahar hokimiyatining matbuot xizmati vakili bu haqda hech qanday ma‘lumot yo‘qligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq hokim hibsga olinganida hokimiyatdagilar albatta bundan xabar topgan bo‘lishardi.

Shahar mulozimi Abduqahhor To‘xtayevning o‘z arizasiga binoan lavozimdan ketgani haqidagi rasmiy farazni urg‘uladi.

Avvalroq Uznyus. net mustaqil axborot nashri hokimiyatdagi manba‘ga tayanib, sobiq hokim va yana 16 nafar mulozimning hibsga olingani haqida xabar tarqatgandi.

Jimjitlik

O‘zbekistondagi rasmiy manba‘lar odatda u yoki bu yuqori martabali mulozimning hibsga olingani haqidagi xabarlarni tasdiqlashmaydi.

2003 yilda shaharni uzoq yillar mobaynida boshqargan va hukumatdagi qudratli shaxslardan bo‘lgan Kozim To‘laganovga nisbatan jinoyat ishi ochilib, katta miqdordagi jarima va shartli qamoq jazosiga mahkum etilgani oradan ancha vaqt o‘tib, ma‘lum bo‘lgan edi.

Ammo oldingi holatlarda rasmiy xabar agentliklari hokimlarning lavozimdan chetlatilgani haqida xabar tarqatgan bo‘lsa, To‘xtayevning ishdan olingani haqida hech qanday rasmiy xabar berilmagan.

Odatda hokim shahar deputatlarining sessiyasi, ko‘pincha navbatdan tashqari sessiyasida ishdan olinadi va sessiyada Prezident Karimovning o‘zi ishtirok etadi.

Ammo 15 fevral kuni garchi shahar deputatlarining sessiyasi bo‘lib o‘tgani aytilayotgan esa-da, Toshkentdagi ayrim manba‘larga ko‘ra, amalda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev hokimiyatning kengaytirilgan majlisini o‘tkazgan va hokimning chetlatilganini e‘lon qilgan.

Majlisda hokimning o‘zi ishtirok etmagan.

Hokimiyat uchun kurash

Jurnalist va inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning hukumatdagi manba‘ga iqtibosan aytishicha, hokim va yana bir qator mulozimlarning hibsga olingani haqida Bosh vazir Mirziyoyev o‘tgan shanba hukumatning an‘anaviy selektor tartibidagi majlisida gapirgan.

Jurnalistning bu majlisda ishtirok etgan mulozimdan iqtibos keltirishicha, janob Mirziyoyev bunday kun boshqa mamaldorlarning ham boshiga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Hukumatda o‘z manba‘lariga ega, deb ishoniladigan Uzmetronom nashri bugun hokimning ortidan shahar militsiyasi boshlig‘i, polkovnik Qobil Naqibovning ham ishdan bo‘shatilgani haqida xabar tarqatgan.

Ammo bu xabar ham rasmiy manba‘lardan tasdiqlanmagan.

O‘tgan yilning dekabrida Prezident Karimov hokimlar orasida poraxo‘rlik va mansab vakolatlarini suiste‘mol qilish hollari avj olganini aytib, "qonunga zid bu kabi holatlarga barham berish vaqti kelgani" haqida ogohlantirgan edi.

Tahlilchilar buni amalda "hokimlarni qamash" jarayoni boshlanishiga ishora, deb talqin etishgan.

2008 yilda prezidentning "mamlakatda boylar bo‘lmaydi" degan so‘zlari ortidan O‘zbekistonda "oligarxlarga qarshi kampaniya" nomini olgan jarayonlar boshlanib ketgan edi.

Shu yil boshidan buyon Prezident Karimov bir necha viloyat hokimlarini almashtirgan.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, hokimiyatdagi so‘nggi o‘zgarishlar keksayib borayotgan prezidentning o‘rni uchun boshlanib ketgan zimdan kurashni jilovlash urinishlari ham bo‘lishi mumkin.