"Toshkent shahar hokimi iste‘foga chiqishi ortidan hibsga olindi"

Image caption Norasmiy manba‘larga ko‘ra, shahar hokimiyatini sobiq ma‘muriyat a‘zolaridan tozalash boshlangan

Britaniyadagi Urush va tinchlikni yoritish institutining xabar qilishicha, Toshkent shahrining sobiq hokimi Abduqahhor To‘xtayev o‘z ixtiyori bilan iste‘foga chiqishi ortidan hibsga olingan.

Avvalroq Toshkent shahar rasmiylari o‘tgan hafta lavozimidan chetlatilgan sobiq hokim Abduqahhor To‘xtayev va yana bir qator mulozimlarning hibsga olingani haqidagi xabarlarni rad etishgandi.

Biroq Urush va tinchlikni yoritish institutining O‘zbekiston hukumatidagi yuqori martabali mulozimga tayanib ma‘lum qilishicha, Abduqahhor To‘xtayev "korruptsion jinoyatlarda" ayblanmoqda.

O‘z nomini oshkor etmaslikni so‘ragan hukumatdagi manbaning ilova qilishicha, sobiq hokimga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha Toshkent hokimiyatidan yana o‘ndan ortiq xodim tergov qilinmoqda.

Urush va tinchlikni yoritish institutining sobiq hokim yaqinlariga iqtibosan ma‘lum qilishicha, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishda "Toshkent shahrida qimmatbaho turdagi daraxtlarni noqonuniy kesish va sotish, qurilayotgan uylarni noqonuniy musodara etish va buzish" haqida so‘z boradi.

O‘tgan hafta Abduqahhor To‘xtayev bilan bir vaqtning o‘zida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining boshlig‘i Qobul Naqibov ham iste‘foga chiqarilgan edi.

Yanvar oyi oxirida Samarqand viloyatining hokimi O‘ktam Barnoyev o‘z vazifasini suistimol qilishda ayblanib, avvaliga ishdan bo‘shatilgan va keyinchalik hibsga olingandi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2008-2010 yillar ichida O‘zbekiston hukumat organlarida 1391 shaxs o‘z vazifasini suistimol qilish, poraxo‘rlik, boshqalar mulkini o‘zlashtirish va davlat mulkini o‘marishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Urush va tinchlikni yoritish institutiga ko‘ra, javobgarlikka tortilganlar orasida olti hokim va ularning o‘rinbosarlari, huquq-tartibot tizimlaridan esa 83 xodim bor.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston konstitutsiyasi kuni munosabati bilan qilgan ma‘ruzasida Prezident Islom Karimov korruptsiyani "tag tomiri bilan sug‘urib tashlash vaqti yetib keldi," deb aytgan edi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakat Bosh prokuraturasiga ushbu yo‘nalishda zudlik bilan ish boshlashga topshiriq bergandi.

Korruptsiyaga qarshi kurashuvchi Transparency International tashkilotining 2010 yilgi hisobotida aytilishicha, korruptsiya darajasi bo‘yicha O‘zbekiston 180 mamlakat orasida 172-o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston korruptsiya darajasi bo‘yicha Iroq, Afg‘oniston, Birma va Somali kabi urush girdobida qolgan mamlakatlar bilan bir qatorda turadi.

O‘zbekistonning ichkarisidagi vaziyatni yaxshi biladiganlar idoraviy fasod mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin yanada avj olganini qayd etadilar.

Aholisi 30 millionga yaqinlashgan mamlakatda ishga yaroqli insonlarning ko‘pchiligi mehnat muhojirligini oilasini boqishning yagona yo‘li sifatida tanlab, xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.