'Qashqadaryolik dindorlar tergov davrida qiynoqqa tutilgan'

Image caption O‘zbek militsiyasi gumondorlarni qiynoqqa tutishi bilan nom chiqargan

Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi shu oy boshida uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan qashqadaryolik dindorlarning "shafqatsiz qiynoqlarga tutilganliklari"ni aytgan.

Guruhning diniy ekstremizmda ayblangan nishonlik imom Abduhalil Toshpo‘latovning yaqinlaridan iqtibos keltirishicha, u va u bilan birga 2010 yilning hibsga olingan ukalari- Toshkent Islom Universtitetining sobiq talabasi Abdujabbor Toshpo‘latov hamda fermer Abdumajid Toshpo‘latovlarning tergov chog‘ida oyog‘i va boshiga rezina tayoqlar bilan urilgan, jinsiy a‘zolari kuydirilgan va tirnoqlari orasiga igna sanchilgan.

Aka-uka Toshpo‘latovlar hamda Nishon tumanining "Kaptarli" mahallasidan bo‘lgan yana 10 kishi "Jihodchilar" va "O‘zbekiston Islomiy Harakati"ga a‘zolikda ayblangan.

Ammo jinoyat ishi bilan tanishgan Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi rahbari Surat Ikromovga ko‘ra, ayblov "butunlay to‘qib chiqarilgan".

"Tergov "konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz", "jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish" hamda "diniy-ekstremistik tashkilot tuzish haqidagi aybovlarni "boshdan-oyoq to‘qib chiqargan", deyiladi guruh tarqatgan xabarda.

"Noinsoniy qiynoqlar" Ayblanuvchilarning yaqinlariga ko‘ra, 19 yanvar kuni boshlangan mahkama jarayonida so‘roq qilingan har bir ayblanuvchi Qashqadaryo viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmati hamda Nishon tuman militsiyasi xodimlari tomonidan "noinsoniy qiynoqlar"ga tutilganliklari haqida gapirganlar.

Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhining xabarida mahbuslarni qinoqqa solgani da‘vo qilingan 10 dan ortiq Qashqadaryo viloyat MXX tergovchilari hamda militsiya xodimlarining ism va lavozimlari keltirilgan.

Ayblanuvchilardan birontasi ham aybiga iqror bo‘lmagan.

Ammo hakam qiynoq da‘volarini e‘tiborsiz qoldirgan va ularni 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazolariga mahkum etgan.

Mahbuslarning yaqinlari Prezident Karimov, IIV, MXX rahbarlari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ombudsmen idorasiga noqonuniy hibsga olish va qiynoqlardan shikoyat qilib, bir necha marta murojaat etganlar, ammo hanuzgacha javob olishmagan.

Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Tashabbus Guruhi viloyatda dindorlarga qarshi hibsga olishlardan foydalanib, ta‘magirlik qilayotganlar ham paydo bo‘lganini aytmoqda.

Tashkilot dindorlarning uylariga kirib, namoz o‘qiyotganlari haqida "militsiya va SNBga yozamiz" degan qo‘rqitishlar bilan ularning pul yoki mol-qo‘ylarini olib chiqib ketayotgani da‘vo qilingan fuqarolarning ism-shariflarini ham ilova qilgan.

"Jihodchilar" "Jihodchilar" deb nomlangan guruh a‘zolariga qarshi hibsga olishlar to‘lqini 2009 yil yozida Toshkentda diniy ulamolarga qarshi sodir etilgani da‘vo qilingan suiqasdlardan so‘ng boshlangan edi.

Hukumatparast imom Anvar Qori Tursunov suiqasddan omon qolgan, ammo uning yordamchisi pichoqlab, o‘ldirilgani xabar qilingan.

Tafsilotlari hanuzgacha qorong‘u qolayotgan hodisalarda Ichki Ishlar vazirligining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mulozimi Hasan Asadov ham o‘ldirilgan, deb ishoniladi.

2009 yilning 30 avgust kuni Toshkentning "Ko‘kcha" mavzeyida ayni guruh a‘zolari ekani aytilgan shaxslar bilan qurolli to‘qnashuvda kamida ikki kishi halok bo‘lgan.

Qotilliklar ortidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida kechgan yopiq mahkama jarayonlarida 100ga yaqin odam mahkum etilgan.

Ayblanuvchilardan ayrimlarining yaqinlari ularning qotilliklarga aloqalarini rad etishgan.