O‘zbekistonda nodavlat OAV ustidan nazorat kuchaytirildi

Image caption O‘zbekistonda tsenzura rasman bekor qilingan esa-da, OAV ustidan kuchli nazorat hamon saqlanib qolmoqda

O‘zbekistonda nodavlat ommaviy axborot vositalarining xorijiy davlatlar elchixonalari bilan aloqalari ustidan nazorat kuchaytirildi.

4 mart kuni Toshkentda o‘tgan yig‘inda mahalliy FM radio stantsiyalarining rahbarlariga xorijiy davlatlar elchixonalarining matbuot anjumanlari va boshqa tadbirlarida ishtirok etish oldidan rasmiy idoralarni ogohlantirish haqida ko‘rsatma berilgan.

Toshkentdagi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasida o‘tgan yig‘ilishda mahalliy FM stantsiyalarining rahbarlari va bosh muharrirlari ishtirok etganlar.

Yig‘ilish qatnashchilaridan birining BBCga aytishicha, yig‘ilishda Uyushma rahbari Firdavs Abduholiqovdan tashqari O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining radio va televideniye bo‘yicha kuratori ham ishtirok etgan.

Unda O‘zbekistondagi xorijiy davlatlarning elchixonalari va boshqa chet el vakolatxonalari bilan aloqalar masalasi muhokama etilgan.

Radiostantsiyalar rahbarlari va muharrirlariga matbuot anjumanlari doxil barcha tadbirlar, shuningdek, elchixonalar tomonidan moliyalanadigan xorijga safarlar borasida Uyushma rasmiylarini avvaldan ogohlantirish topshirig‘i berilgan.

Yig‘ilishda Milliy Xavfsizlik Xizmati vakilining ishtirok etganiga ko‘ra, bu boradagi so‘rov MXX tomonidan ko‘rib chiqiladi va ruxsat berish-bemaslik masalasini ham Milliy Xavfsizlik Xizmati hal qiladi.

2003-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi rasman nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi va nizomiga ko‘ra, so‘z va axborot erkinligi, shuningdek, fuqaro jamiyati barpo etishda ommaviy axboro vositalarining rolini kengaytirishni maqsad qilib olgan.

Uning ta‘sischilaridan biri va rahbari Firdavs Abduholiqov ayni paytda Prezident devonining mas‘ul mulozimi hamdir.

Rasmiylar yangi ko‘rsatma borasida hech qanday tushuntirish berishmagan.

Arab dunyosidagi evrilishlar shamoli

BBCga gapirgan mahalliy FM stantsiyasi rahbari yangi ko‘rsatmani arab dunyosidagi g‘alayonlar bilan bog‘laydi.

Uning aytishicha, rasmiylar bu ko‘rsatmani tavsiya ohangida taqdim etishgan.

"Shunday qilsanglar o‘zinglarga yaxshi bo‘ladi," degan qabilda tushuntirildi, deb aytadi mahalliy FM rahbari.

O‘zbekiston sharoitida ushbu ko‘rsatmaga amal qilmagan radiostantsiyalarning rahbarlari lavozimlaridan ajralishlari yoki radiostantsiyaning yopilishini ham anglatishi mumkin.

Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy Assotsiatsiyasi faqat radio va televizion stantsiyalar emas, balki gazeta va jurnallarning elektron nashrlarini ham qamrab oladi.

So‘nggi tadbir O‘zbekiston rasmiylarining arab dunyosidagi qo‘zg‘olonlar manzarasida mamlakatda internet ustidan nazoratni yanada kuchaytirayotganini anglatadi.

O‘zbekiston nodavblat ommaviy axborot vositalari va mamlakatdagi xorijiy vakolatxonalar o‘rtasidagi aloqalar san‘at va madaniyat sohasiga qaratilgan.

Mahalliy axborot vositalari, jurnalistlar elchixonalarning turli, asosan, madaniy tadbirlarida ishtirok etishadi yoki shu mazmundagi loyihalarda qatnashadilar.

Ammo mahalliy jurnalistlarning siyosiy tadbirlarda ishtirok etishi deyari kuzatilmagan.

2005-yilda musulmon davlatlaridan birining elchixonasi yordamida Haj ziyoratiga borgani aytilgan "Hurriyat" ro‘znomasining sobiq muxbiri Sobirjon Yoqubov diniy ekstremizmda ayblanib, hibsga olingan va xalqaro bosimlardan so‘ng ozod etilgandi.