Сўнгги янгиланиш 14 март 2011 - 13:16 GMT

Rossiyadan yana bir o‘zbekistonlik esktraditsiya qilinishi mumkin

Norasmiy ko‘rsatkichlarga binoan, Rossiyada ishlayotgan besh million o‘zbekistonlik muxojirlarning ba‘zilari diniy ta‘qiblar tufayli vatanni tark etishgan

Moskvadagi Inson Huquqlari Instituti xabar qilishicha, Rossiyada yana bir O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada qochqinlik maqomini so‘raganiga qaramay, hibsga olingan.

Bu o‘tgan bir oy davomida yuz berayotgan ikkinchi shunday holatdir.

26 yoshli Ibodulla Mamajonov, odatdagidek, O‘zbekiston tomonidan diniy ekstremizmda ayblanmoqda, biroq uning rossiyalik himoyachilariga ko‘ra, yana odatdagidek, rasmiy Toshkent bu ayblovlarni tasdiqlovchi muayyan dalil-isbot yo‘llamagan.

Ibodulla Mamajonov Moskvada o‘tgan juma kuni hibsga olingan va hozirda Moskvaning 4-SIZOsida saqlanmoqda.

Bir oy avval o‘z diniy qarashlari uchun ta‘qiblardan qochganini aytgan Dilmurod Salimov ismli boshpana izlovchi ham hibsga olingandi, biroq Inson Huquqlari Instituti himoyachilari harakatlari yordamida u ozod etilgan.

Sud O‘zbekiston tarafi uning ayblovlarini yetarlicha asoslab bermaganini aytgan.

"Virtual tashkilot"

Advokatlarga ko‘ra, Mamajonov ishida ham dalil-isbot kuchli emas. Faqat uning do‘sti qo‘lidagi kompьyuterdan 15 yil avval bedarak ketgan imom Abduvali Mirzayevning ma‘ruzalari topilgani da‘vo qilingan, xolos.

Mamajonov o‘z namozxon sheriklari bilan O‘zbekistonda diniy tashkilotga a‘zo bo‘lganlikda ayblanadi, biroq Rossiya tomoni bu qanday tashkilot, uning nomi, maqsadlari yoki amal qilish usullari haqida hech qanday hujjat yo‘llamagan.

Himoyachilar bu tashkilotni "virtual tashkilot" deb nomlashgan.

Mamajonovning himoyachilari "u boshpana so‘rab ariza bergan bo‘lsada" degan iborani qo‘llashmoqda.

Qonun nima deydi?

Huquqshunoslarga ko‘ra, aslida Rossiya qonunchiligida bu borada noaniqlik mavjud, undan tashqari Ovro‘po inson huquqlari konventsiyalariga qarshi ham amal qilinadi.

Inson Huquqlari Instituti advokatlaridan biri Yelena Ryabininaga ko‘ra, boshpana izlovchi majburan vataniga qaytarilmasligi qonunda belgilangan.

"Qochqinlar borasidagi qonunning 10-moddasining 1-qismida aytilishicha, "qochqin maqomini olgan yoki qochqinlik istab ariza topshirgan shaxsni, agar u vatanidan qochishiga sabab bo‘lgan holat saqlanib qolayotgan bo‘lsa, o‘z vataniga majburiy qaytarib bo‘lmaydi." Ya‘ni bu qonun ham qochqinlik maqomini olgan shaxslarni, va ham boshpana izlab ariza topshirgan shaxslarning majburan vataniga qaytarilishining oldini olishi kerak", - deydi Ryabinina xonim.

Yelena Ryabinina uchun bir qiziq joyi shuki, agar biron o‘zbekistonlik nomiga hibs talabi kelib tushgan bo‘lsa, prokuratura Federal Migratsiya Xizmati, Tashqi Ishlar Vazirligi va FSB, ya‘ni Federal Xavfsizlik Xizmatiga mazkur shaxs bo‘yicha savol yo‘llaydi: ya‘ni bu kishi haqiqatan ham boshpana izlovchimi, uni qaytarishga to‘siq bo‘ladigan sharoitlar bormi kabi savollar.

Biroq, masalan, FSBning prokuraturaga yo‘llagan xatida "Bu shaxsning vataniga qaytarilishi Rossiyaning manfaatlari va xavfsizliga zarar yetkazmaydi" deb aytilgan. Ya‘ni, himoyachi fikrida, bundan ko‘rinib turibdiki, Rossiya manfaati emas, aynan bu o‘zbekistonlik manfaati yoki xavfsizligi nima bo‘ladi - bu hech kimni qiziqtirmaydi.

Oxirgi ekstraditsiya

Oxirgi marta o‘tgan yil yozida bir o‘zbekistonlik dindor shaxs Toshkentga qaytarilishi ortidan Toshkentda olti yilga qamalgan.

Inson Huquqlari Instituti bildirishicha, unga Rossiya rasmiylari "himoyadan voz kechmasang ishing qiyinlashadi" deya tahdid qilganidan so‘ng u barcha huquqiy himoyadan voz kechgan va buning ortidan osonlikcha ekstraditsiya qilingan.

Ibodulla Mamajonovni himoya qilayotgan advokat Darьya Trenina o‘zbekistonlik boshpana izlovchilar oddiy dindor kishilar ekanini aytdi.

"Men himoyasi bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar hech qanday noqonuniy amaliyotga aloqador emaslar, ammo barchasi Xudoga sig‘inadigan shaxslar. Ular ibodat qilishadi, shariya qonunlariga asoslanib nikohlarni o‘tkazishadi. Bu odamlar ekstremist emaslar. Biz bu insonlarning huquqiy himoyasiga kirishishdan avval, avvalo ular nima uchun ta‘qib qilinganini yaqindan o‘rganib chiqamiz, biz 100 foiz ishonchimiz komil, bu shaxslarning diniy ekstremistik tashkilotlar amallariga mutlaqo aloqalari yo‘q", - deydi Trenina xonim.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.